O‘zbekiston Katta teatri simfonik orkestri Shanxay shahrida konsert berdi
Oktabr 27, 2026. 16:00 • 2 daq
• 117
SHANXAY, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Shanxay konsert zalida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri simfonik orkestrining O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konserti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Shanxay xalqaro madaniyat assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konsertda Xitoy madaniyat sohasining taniqli vakillari, shahar ma’muriyati va davlat tashkilotlari xodimlari, diplomatlar, shuningdek, Belarus, Hindiston, Slovakiya va Pokistonning bosh konsullari ishtirok etdi.
Orkestr tomoshabinlarga o‘zbek va jahon musiqa klassikasi asarlaridan iborat boy konsert dasturini taqdim etdi. Ushbu chiqish yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shanxay madaniy jamoatchiligi vakillari, shuningdek, o‘zbek san’atkorlarining mazkur shahardagi avvalgi muvaffaqiyatli chiqishlarini ham eslab o‘tdilar. Xususan, 2025-yil oktabr oyida Mukarram Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” xalq raqsi ansambli “O‘zbekiston madaniyati kechasi” dasturini namoyish etib, shahar aholisini mamlakatimiz hududlarining rang-barang milliy raqslari va madaniy an’analari bilan yaqindan tanishtirgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi