Tokioda O‘zbekistonning ekstremizmning oldini olish sohasidagi tajribasi taqdim etildi

Noyabr 24, 2026. 18:30 • 3 daq

• 10
Tokioda O‘zbekistonning ekstremizmning oldini olish sohasidagi tajribasi taqdim etildi
Tokioda O‘zbekistonning ekstremizmning oldini olish sohasidagi tajribasi taqdim etildi

TOKIO, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov “Mahalliy hamjamiyatlar barqarorligini mustahkamlash, profilaktika va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi Hind–Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha Tokio muloqotida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondi (GCERF) hamda Sasakava tinchlik jamg‘armasi tomonidan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Muloqot GCERF Boshqaruv kengashining 25-yig‘ilishi dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Unda davlat organlarining yuqori martabali vakillari, kengash a’zolari, jamg‘arma hamkorlari hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar zo‘ravon ekstremizmning oldini olish sohasidagi milliy tajriba bilan o‘rtoqlashib, Hind–Tinch okeani mintaqasida ushbu yo‘nalishdagi sheriklikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Eldor Aripov ekstremizm va terrorizm tahdidlarining transchegaraviy xususiyati hamda doimiy ravishda o‘zgarib borishi ularga qarshi choralarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni talab etishini ta’kidladi.

Shu nuqtayi nazardan, u O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Insonlarning jamiyatdagi to‘laqonli hayotga qaytishiga ko‘maklashish choralari ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida 2019-yildan buyon Suriyaning shimoli-sharqiy hududlaridan 530 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi, asosan, ayollar va bolalar vatanga qaytarildi.

Eldor Aripov boshqa ustuvor yo‘nalishlar qatorida millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ta’lim va ma’rifatni rivojlantirishni qayd etdi. U tinchlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik qadriyatlarini targ‘ib etishda ilmiy-tadqiqot markazlarining o‘rnini ta’kidladi.

SMTI rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy miqyosdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan birga, mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikka alohida ahamiyat qaratmoqda. Shu munosabat bilan 2024-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan Qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati taqdim etildi.

Shuningdek, u ishtirokchilarni davlatimiz rahbarining tajriba almashish va samarali amaliyotlarni ommalashtirish maqsadida kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish haqidagi taklifi bilan tanishtirdi.

Nutqda GCERF bilan sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. Eldor Aripov ta’kidlaganidek, 2024-yilda SMTI va jamg‘arma o‘rtasida memorandum imzolanganidan so‘ng hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi. Bugungi kunda GCERF O‘zbekistondagi nodavlat tashkilotlarning ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish, bandlik va tadbirkorlikka ko‘maklashish, vatanga qaytarilgan fuqarolar, yolg‘iz onalar va migrantlar oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uchta loyihasini moliyalashtirmoqda.

Yoshlarni internetdagi ekstremistik targ‘ibotdan himoya qilish masalasiga to‘xtalib, u raqamli barqarorlik mediamarkazini tashkil etish loyihasi haqida ma’lumot berdi. Markaz faoliyati tanqidiy fikrlash, mediasavodxonlik va ijobiy onlayn kontent tayyorlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish