To‘raqo‘rg‘onda to‘liq zanjirli parrandachilik loyihasi amalga oshirilmoqda
Iyun 23, 2026. 13:05 • 3 daq
• 10
TOSHKЕNT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Uychi parranda” korxonasida naslli tuxum yetishtirish, inkubatsiya qilish va go‘sht ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu korxona bilan ham tanishdi.
Tijorat bankining 50 million dollarlik mablag‘i hisobidan 121 gektar maydonda Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuqlar intensiv usulda parvarishlanmoqda. Korxonaning oddiy xo‘jaliklardan bosh ustuvorligi inkubatsiya jarayonidan boshlab tayyor go‘sht mahsulotlari yetishtirishgacha bo‘lgan to‘liq sanoat siklini qamrab olganidadir.
Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar naslchilik yo‘nalishida kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olish va inkubatorlar orqali 50 ming bosh jo‘ja ochirish imkonini bermoqda.
Loyihaning go‘sht yetishtirish tarmog‘i ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45-50 kun ichida parvarishlanib, bir siklda 120 tonna parranda go‘shti olinadi.
Ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslarini barpo etish zarurligi qayd etildi. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 million boshga yetib, loyiha doirasida qo‘shimcha 500, kengaytirilgan kooperatsiya tizimi orqali esa jami 1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Uychi parranda” korxonasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun Farg‘ona vodiysi bozorlarida parranda go‘shti va tuxum narxi barqarorligini ta’minlaydi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, xorijga eksport hajmi ham ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida hududning usta dehqonlari, fermer va tadbirkorlari bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Namangan viloyatidagi bo‘sh turgan yerlardan unumli foydalanish va Pop tumanida tashkil etilgan 100 gektarlik superintensiv bog‘ loyihasining taqdimoti bilan ham tanishdi.
Qiymati 20,7 milliard so‘m bo‘lgan bog‘ tumanning tabiati va tuproq sharoitiga mos ravishda barpo etilgan. Eng muhimi, uzoq yillar davomida foydalanilmay yotgan, suv bilan ta’minlanishda murakkab bo‘sh yerlar mana shu loyiha sababli chinakam daromad manbaiga aylandi.
Bog‘ hududiga jami 66,6 ming tup serhosil mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bunda bozor talabidan kelib chiqib, mevalarning turiga alohida e’tibor qaratildi. Bog‘ning 60 gektar maydonida 40 ming tup o‘rik, 25 gektarida 16,6 ming tup shaftoli va 15 gektarida 10 ming tup gilos daraxtlari parvarish qilinmoqda.
Zamonaviy sug‘orish va parvarishlash usullari tufayli har bir gektardan o‘rtacha 20 tonnadan sifatli hosil olish kutilmoqda. Mazkur ko‘rsatkich oddiy bog‘larga qaraganda bir necha barobar ko‘p sanaladi.
Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan kooperatsiya tizimi asosida 300 ta ehtiyojmand oilaning har biriga 30 sotixdan yer bo‘lib berildi. Bunday yondashuv kam ta’minlangan xonadonlarni doimiy daromad manbai bilan ham ta’minlaydi.
Shu tariqa Namangan viloyatida bo‘sh turgan yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019-2024-yillarda viloyatda 38 ming 900 gektar maydon qayta foydalanishga kiritilgan bo‘lsa, 2025-yilning o‘zida yana 7 ming 28 gektar yer muomalaga qaytarildi. Bu boradagi strategik tashabbus doirasida 2028-yilga qadar foydalanishda bo‘lmagan jami 18 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi