Turkiyaning yetakchi OAV O‘zbekistonning turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yoritdi

Oktabr 27, 2026. 20:25 • 3 daq

• 147
Turkiyaning yetakchi OAV O‘zbekistonning turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yoritdi
Turkiyaning yetakchi OAV O‘zbekistonning turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yoritdi
Turkiyaning yetakchi OAV O‘zbekistonning turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yoritdi
Turkiyaning yetakchi OAV O‘zbekistonning turkiy dunyoda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini yoritdi

ANQARA, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Hürriyet”, “Yeni Şafak”, “İttifak” va “Milliyet” nashrlarida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning Anqaradagi 13-sammiti arafasida O‘zbekistonning tashkilot doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda Turkiya bilan sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Hürriyet” nashrida O‘zbekistonning ofisi Toshkentda joylashgan Turkiy davlatlarning iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish va “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni shakllantirish bo‘yicha takliflari alohida e’tirof etildi.

Maqolada O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, qurilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda kelgusida bunyod etilishi rejalashtirilgan Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash istiqbollari haqida ham to‘xtalib o‘tilgan.

“Yeni Şafak” va “İttifak” nashrlari O‘zbekiston–Turkiya sanoat hamkorligiga e’tibor qaratdi. Materiallarda joriy yilda Anqarada “EkoAvrosiyo” jamg‘armasi, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va “TÜRKSİT” uyushmasi tomonidan “OSTİM” sanoat hududi ishtirokida tashkil etilgan “O‘zbekiston – investitsiyalar va rivojlanish salohiyati” forumi haqida so‘z yuritilgan.

Forumda taqdim etilgan asosiy loyihalardan biri Toshkent shahrida O‘zbekiston–Turkiya maxsus sanoat zonasini barpo etish bo‘ldi. Uning uchun 100 gektar yer ajratish, 300 million dollarga yaqin investitsiya jalb qilish va 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Nukus shahrida esa 160 gektar maydonda yana bir sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Forumda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi hajmi 8 milliard dollardan oshgan. Mamlakatimizda turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 2200 tadan ortiqni tashkil etadi.

Shuningdek, turkiyalik pudratchilar umumiy qiymati 9,3 milliard dollarlik 325 ta loyihani amalga oshirishni o‘z zimmasiga olgan. Ikki davlat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini avval 5 milliard dollarga, keyinchalik esa 10 milliard dollarga yetkazish niyatida.

“Milliyet” nashrida O‘zbekistonning “Raqamli turkiy yo‘lak”ni yaratish, Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans hamda Sanoat alyansini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslariga e’tibor qaratildi.

Tashkil etilishi ko‘zda tutilgan Sanoat alyansi mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Nashrda “Yashil transformatsiya” konsorsiumi va “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ham qayd etilgan.

Turkiya matbuotida O‘zbekistonning TDT doirasida o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga qaratilgan amaliy tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish