Berlinda o‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Oktabr 28, 2026. 19:00 • 3 daq
• 84BЕRLIN, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Ona tili – millat faxri” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Germaniyada mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan va doimiy istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dots.nti, tarjimon Hafiza Qo‘chqorova ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov hamyurtlarimizni bayram bilan qutlab, ona tili tarixiy xotira va milliy o‘zlikni o‘zida mujassam etgan bebaho boylik ekanini ta’kidladi.
U davlat tili maqomini yuksaltirish, uning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Diplomat raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sharoitida o‘zbek tili va madaniyati markazlarini ochish, tilni zamonaviy axborot texnologiyalariga integratsiya qilish hamda undan raqamli makonda keng foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Davra suhbati davomida milliy o‘zlikni asrab-avaylash, madaniy merosni kelajak avlodlarga yetkazish va xorijdagi vatandoshlarning ma’naviy birligini mustahkamlashda ona tilining tutgan o‘rni muhokama qilindi.
Germaniyada voyaga yetayotgan bolalar va yoshlarga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi, ta’lim hamda kasbiy aloqalar kengayib borayotgan bir paytda xorijda til o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdilar.
“Germaniyadagi o‘zbek oilalarining farzandlari o‘z ona tilini mukammal bilishi, o‘z madaniyati va qadriyatlaridan uzilib qolmasligi g‘oyat muhim. Shu bois xorijdagi bolalarning til o‘rganishi va ta’lim ehtiyojlarini inobatga olgan holda maxsus darsliklar, badiiy adabiyotlar hamda o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va nashr etish maqsadga muvofiq”, – dedi boshlang‘ich sinflarda nemis tili fani o‘qituvchisi Alisher Qodirov.
Vatandoshlar Germaniyada o‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni milliy adabiyotimiz hamda madaniyatimizga oshno etish bo‘yicha amaliy takliflarni ilgari surdilar. Elchixonaning vatandoshlar farzandlari uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil etish loyihasini ro‘yobga chiqarish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
“Vatan qanchalik olisda bo‘lmasin, u hamisha qalbimizdadir. O‘zbekistonga bo‘lgan muhabbat va ona tiliga ehtirom, qayerda yashamaylik, bizni Vatan bilan bog‘lab turadi. Ona tilimizni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir”, – dedi Hafiza Qo‘chqorova.
Berlinda faoliyat yuritayotgan muhandis Shahriddin Qoraxonov O‘zbekiston, Yevropa va butun dunyodagi barcha vatandoshlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda ona tiliga qaratilayotgan yuksak e’tibor, uning nufuzini oshirish va jahon miqyosida targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar har bir insonni quvontiradi.
O‘zbek muhandisi ona tili xalqning milliy o‘zligi, tarixi va ma’naviyatining ajralmas qismi ekanini alohida ta’kidladi. U o‘zbekona g‘urur va o‘z xalqiga daxldorlik tuyg‘usi yo‘g‘rilgan she’riy misralardan namunalar o‘qidi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




