Venada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi

Oktabr 21, 2026. 12:30 • 2 daq

• 41
Venada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Venada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Venada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Venada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi

VЕNA, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasida vatandosh talabalar ishtirokida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda mamlakatimiz diplomatlari o‘zbek tilining xalqimiz milliy o‘zligi, tarixi va madaniy merosining muhim qismi sifatidagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, do‘stona aloqalarni rivojlantirish va murakkab vaziyatlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Tadbir doirasida o‘zbek tili va adabiyotini Avstriyada targ‘ib qilish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, Vena universiteti kutubxonasida o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatiga bag‘ishlangan maxsus kitob burchagini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Joriy yil yakuniga qadar Vena universitetida professor-o‘qituvchilar va xorijiy talabalar ishtirokida “O‘zbekiston kuni” tadbirini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu tashabbus yurtimizning boy tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini xalqaro akademik hamjamiyatga tanitish, O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ta’lim hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida xorijda O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatiladigan konsullik-huquqiy yordam haqida ma’lumot berildi. Murakkab vaziyatlarga duch kelganda konsullikka tezkorlik bilan murojaat qilish lozimligi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari bir-birlari bilan yaqindan tanishish, fikr almashish va yangi do‘stlar orttirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mehmonlarga milliy taom – o‘zbek palovi tortildi.

Mazkur uchrashuv xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ona tilimizga bo‘lgan hurmatni oshirish hamda milliy madaniyatimizni Avstriyada keng targ‘ib qilishga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish