Toshkent viloyati Yaponiya biznes vakillarini sanoat va investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda

Noyabr 12, 2026. 18:30 • 2 daq

• 52
Toshkent viloyati Yaponiya biznes vakillarini sanoat va investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda

NAGOYA, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Nagoya shahrida Aiti prefekturasi siyosiy va ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirokida Toshkent viloyati bilan hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan “SYS Holdings” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Yaponiya parlamenti deputati Takako Sudzuki, Aiti prefekturasi vitse-gubernatori Yukio Eguti, prefekturaning sobiq gubernatori Masaaki Kanda, mahalliy hokimiyat organlari, moliya institutlari va yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdilar.

Biznes sektori vakillari qatorida “Sumitomo Mitsui Banking Corporation”, “SMBC Nikko Securities”, “Hyakugo Bank”, “TOPPAN”, “Itochu Techno-Solutions”, “Fuji Dream Airlines”, “Kaikoukai” kabi nufuzli kompaniyalar ishtirok etdi.

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov mintaqaning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etib, yaponiyalik hamkorlarni sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

Takako Sudzuki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va jadal iqtisodiy taraqqiyotni yuqori baholab, bular yapon biznesi uchun keng imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. U Aiti prefekturasi tadbirkorlarini Toshkent viloyati bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga chaqirdi.

Uchrashuvda ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga, jumladan, yapon harbiy asirlarining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat akademik katta teatri binosini qurishdagi ishtiroki hamda o‘zbek xalqining yaponlar qabristonlariga ko‘rsatayotgan hurmat va e’tiboriga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “AIGA” kompaniyasi rahbariyati bilan IT-mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya o‘zbekistonlik IT-talabgorlar va yosh mutaxassislarni Yaponiyaga ishga qabul qilishga tayyorligini bildirdi hamda 2027-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurish rejasini ma’lum qildi.

Aiti prefekturasi Yaponiyaning yetakchi sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda avtomobisozlik, maishiy mashinasozlik, aviatsiya va kimyo sanoati korxonalari jamlangan bo‘lib, Nagoya shahri mintaqaning ma’muriy markazi hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish