Yunfu shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligining yangi bosqichi ko‘rib chiqildi

Iyul 02, 2026. 19:00 • 2 daq

48
Yunfu shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligining yangi bosqichi ko‘rib chiqildi
Yunfu shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligining yangi bosqichi ko‘rib chiqildi
Yunfu shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligining yangi bosqichi ko‘rib chiqildi

YUNFU, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Guandun provinsiyasi Yunfu shahrida ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xitoy Kommunistik partiyasi Yunfu shahri qo‘mitasi kotibi Lu Junchen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish istiqbollari, delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma forum va ko‘rgazmalarni tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar toshga ishlov berish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish mexanizmlarini ko‘rib chiqdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston shaharlari va Yunfu shahri o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, shahar munitsipaliteti bilan hamkorlikda 30 ga yaqin mahalliy kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda xorijlik tadbirkorlarga O‘zbekistonning tog‘-kon va agrar sohalaridagi investitsiyaviy imkoniyatlari atroflicha taqdim etildi.

Xitoyning yetakchi korxonalariga uyushtirilgan tashriflar davomida esa yurtimiz hududlarida parrandachilik, chorvachilik va toshni qayta ishlash yo‘nalishlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish istiqbollari xususida so‘z yuritildi.

Muzokaralarda joriy yilda Yunfu shahri munitsipaliteti rahbariyati, iqtisodiy departamentlar va yetakchi kompaniyalar vakillaridan iborat nufuzli Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish