“Al-Ahram”: O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasida muhim o‘ringa ega bo‘lgan

Iyul 02, 2026. 19:30 • 3 daq

70
“Al-Ahram”: O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasida muhim o‘ringa ega bo‘lgan

QOHIRA, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “Al-Ahram” gazetasida O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijodiy iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova bilan o‘tkazilgan intervyu asosida tayyorlangan. Nashrda mamlakatimizda kechayotgan ulkan yuksalish, ijodiy salohiyat va madaniy diplomatiyaning o‘rni atroflicha tahlil qilingan.

Qayd etilishicha, asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining markazida bo‘lib kelgan O‘zbekiston bugun arab dunyosi, xususan, Misr bilan munosabatlarda yangi sahifa ochmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat, turizm va ijodiy iqtisodiyotni mamlakat rivojlanish strategiyasining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergani ushbu sohadagi davlat islohotlarining bosh harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi.

Maqola muallifi davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar faqatgina tarixiy obidalarni taʼmirlash bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy jahon hamjamiyati bilan faol muloqot qila oladigan yangi madaniy platformalarni yaratishga qaratilganiga eʼtibor qaratadi. Bunga misol sifatida Buxoro biyennalesi, Toshkent zamonaviy sanʼat markazi, Jadidlar merosi muzeyi hamda “Samarkand Express” hashamatli sayyohlik poyezdi loyihasi keltirilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning “Osaka EKSPO-2025” butunjahon ko‘rgazmasidagi “Bilimlar bog‘i” deb nomlangan milliy pavilyoni nufuzli “Red Dot: Best of the Best” mukofotiga sazovor bo‘lgani yurtimiz madaniy salohiyatining xalqaro eʼtirofidir.

Nashrda Buxoro, Samarqand va Xiva singari tarixiy shaharlarning islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va meʼmorchilik markazlari sifatidagi maqomini saqlash borasidagi saʼy-harakatlarga yuqori baho berilgan. Fransiyaning mashhur “Wilmotte & Associés” arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan Buxoro shahrini rivojlantirish bosh rejasi hamda mashhur yapon arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida 2028-yilda ochilishi kutilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyi buning yaqqol isbotidir.

O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi madaniy mushtaraklik ham maqolaning markaziy mavzularidan biridir. O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Misr muzeyiga tashrifi va ikki davlatning muzey ishi, madaniy merosni saqlash hamda turizm sohasidagi muloqotlari yangi institutsional hamkorlikka zamin yaratmoqda. Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida professor Xaled El-Enanining tashkilot Bosh direktori etib saylanishi ham ikki qadimiy sivilizatsiya o‘rtasidagi yaqinlikning ramzi sifatida qayd etilgan.

Intervyuda O‘zbekistonning madaniy kelajagi ko‘p jihatdan yosh avlod va ijodiy iqtisodiyot rivoji bilan bog‘liqligi taʼkidlangan. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi va “Uzbekistan Creative Park” loyihasining yo‘lga qo‘yilishi dizaynerlar, arxitektorlar va raqamli innovatsiya vakillari uchun keng imtiyozlar tizimini yaratdi. Xivada o‘tkazilgan “Creative Algorithms” Markaziy Osiyo–Italiya yoshlar forumi esa mahalliy ijodkorlarning xalqaro tajribani o‘zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Maqola yakunida Gayane Umerova arab dunyosi jamoatchiligi va xorijlik mehmonlarni O‘zbekistonning boy madaniyati va tarixi bilan ekran yoki kitoblar orqali emas, balki shaxsan tashrif buyurib tanishishga chorlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish