Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi

May 30, 2026. 13:30 • 2 daq

Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi
Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi
Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi
Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi
Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi
Pusandagi xalqaro festivalda O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi

PUSAN, 30-may. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning Pusan shahrida “Global Citizen Festival in Busan 2026” xalqaro festivali tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi mazkur nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston milliy stendi bilan faol ishtirok etib, yurtimizning boy madaniy merosi, ko‘p asrlik milliy an’analari hamda betakror turizm salohiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qildi.

Diplomatik vakolatxona tomonidan milliy qadriyatlarimizga xos tarzda, yuksak did bilan bezatilgan stendda o‘zbek milliy liboslari, nodir xalq amaliy san’ati mahsulotlari, respublikamizning boy sayyohlik imkoniyatlariga doir ma’lumot beruvchi tarqatma materiallar, shuningdek, milliy taomlarimiz namoyish etildi.

Festival doirasida O‘zbekiston milliy stendiga tashrif buyurgan koreyalik nufuzli soha vakillari o‘z taassurotlarini bayon qildilar. Xususan, Janubiy Koreyaning mashhur “BeFM” radiokanali rahbari Chjon Yong U shunday dedi:

“Bugungi nufuzli tadbir orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi, qadimiy an’analari va xalq amaliy san’atining betakror namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Ayniqsa, nafis ipak mahsulotlari va betakror hunarmandchilik asarlari mamlakatingizning o‘ziga xos madaniy qiyofasini yanada teranroq anglashimga xizmat qildi”.

Janubiy Koreya Xalqaro moda almashinuvi uyushmasi rahbari Chin Xyang Cha ham o‘zbek milliy matolarining jozibasiga yuqori baho berdi:

“Festival doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston ekspozitsiyasi menda juda iliq taassurot qoldirdi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan milliy matolar, hunarmandchilik namunalari va turizmga oid axborot materiallari mamlakatingizning boy madaniy merosi hamda ko‘p asrlik an’analarini yaqqol aks ettirib turibdi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga bag‘ishlangan materiallar O‘zbekistonning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan muhim o‘rni haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish imkonini berdi. Bunday loyihalar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman”.

Shubhasiz, mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekistonning keng qamrovli ishtiroki yurtimizning turizm jozibadorligini oshirish hamda Janubiy Koreya bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish