Krasnodardagi vatandoshlar Qurbon hayitini birgalikda nishonladi
May 30, 2026. 13:00 • 2 daq
• 23KRASNODAR, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Krasnodar shahrida vatandoshlar uchun Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda vaqtinchalik hayotiy qiyinchiliklarga duch kelgan vatandoshlar, mehnat migrantlari hamda Krasnodar o‘lkasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga ushbu xayrli tashabbus O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir vatandoshning haq-huquqi, farovonligini ta’minlash mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida vatandoshlarning mehnat sharoitlari, tahsil olayotgan yoshlarning ta’lim jarayoni bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Fuqarolarga konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilib, ko‘mak berish mexanizmlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv davomida hamyurtlar bayram kunlarida ko‘rsatilgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Yurtdoshlar bunday uchrashuvlarni Vatan sarhadlaridan tashqarida o‘tkazishning ahamiyati yuksak ekani, bu kabi tadbirlar vatandoshlarni bir davraga birlashtirishini alohida qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






