Istanbuldagi Etnosport madaniyat festivalida O‘zbekiston paviloni keng namoyish etildi
May 30, 2026. 11:30 • 2 daq
•ISTANBUL, 30-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Etnosport madaniyat festivalida (Etnospor Kültür Festivali) O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi delegatsiyalari faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro tadbir doirasida mamlakatimizdan tashrif buyurgan milliy sport turlari va xalq yakkakurashlari yo‘nalishlari vakillari tomonidan maxsus ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Ushbu mahoratli chiqishlar orqali O‘zbekistonning boy sport an’analari, mardlik va pahlavonlik madaniyati xorijlik keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirildi.
Festival maydonida tashkil etilgan muhtasham O‘zbekiston milliy paviloni anjumanning eng gavjum maskanlaridan biriga aylandi. Pavilonga tashrif buyurgan mehmonlar e’tiboriga xalq hunarmandchiligi durdonalari bo‘lgan milliy cholg‘u asboblari, yurtimizning dunyoga mashhur tarixiy obidalari, ulkan turizm salohiyati va boy madaniy merosiga oid noyob ko‘rgazmalar havola qilindi.
Shuningdek, Turkiyada tahsil olayotgan va istiqomat qilayotgan faol o‘zbekistonlik yoshlar ham ushbu jarayonda jonbozlik ko‘rsatib, xorijliklarga O‘zbekiston tarixi, qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyoti haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Tadbirning eng diqqatga sazovor va jozibali voqealaridan biri — o‘zbek palovi madaniyatining namoyishi bo‘ldi. Festival davomida to‘rt kun mobaynida har kuni 1 200 kilogrammdan, umumiy hisobda bir necha tonna an’anaviy o‘zbek palovi damlanib, anjuman ishtirokchilari, rasmiy mehmonlar hamda Istanbul ahliga bepul tarqatildi. Bu sharqona saxovat va o‘zbekona mehmondo‘stlik namunasi sifatida festival qatnashchilarining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi











