Inchxonda Yekaterina Sayga O‘zbekiston davlat mukofoti topshirildi

Sentabr 23, 2026. 17:00 • 2 daq

81
Inchxonda Yekaterina Sayga O‘zbekiston davlat mukofoti topshirildi

INCHXON, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyadagi “Inchxon onasi” jamoat tashkiloti rahbari Yekaterina Sayga O‘zbekiston davlat mukofoti – “Shuhrat” medalini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu mukofot O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 17-sentabrdagi PF-197-sonli farmoniga muvofiq, Yekaterina Sayning O‘zbekiston–Koreya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash, jamoat hayotidagi faol ishtiroki, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashi, ikki xalq o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.

Davlatimiz rahbari yaqinda Seul shahrida vatandoshlar bilan uchrashuv chog‘ida mazkur davlat mukofotini topshirish bo‘yicha o‘z taklifini bildirgan edi.

Tadbirda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov, elchixona diplomatlari, Inchxonda istiqomat qiluvchi vatandoshlar, mahalliy hokimlik va parlament vakillari ishtirok etdi.

Marosimda Yekaterina Sayning ko‘p yillik jamoatchilik faoliyati, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy idoralar bilan hamkorlik qilish va madaniy-ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishdagi hissasi e’tirof etildi.

Yekaterina Say davlat mukofotini nafaqat shaxsiy e’tirof, balki Janubiy Koreyadagi o‘zbek jamoatchiligi faoliyatiga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi. 

U O‘zbekiston–Koreya Respublikasi gumanitar va madaniy aloqalarini yanada rivojlantirish, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoat tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etishini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari Yekaterina Sayning ikki mamlakat jamoatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shib kelayotgan hissasini alohida qayd etdi.

Tantanali marosim O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlari o‘rtasidagi jamoatchilik, madaniy va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikning muhim namunasi bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish