Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida charm-poyabzal sanoatining to‘liq ishlab chiqarish zanjiri yaratilmoqda
Sentabr 23, 2026. 17:40 • 3 daq
• 8
TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Andijon viloyatiga tashrifi davomida Oltinko‘l tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda charm xomashyosini chuqur qayta ishlash, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki bozorni sifatli hamda hamyonbop poyabzallar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi vodiydagi charm mahsulotlari va tayyor poyabzal ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, kosiblar hamda klasterlarni birlashtiruvchi yagona sanoat majmuasidir. Bu yerda xomashyoni qayta ishlashdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotishgacha bo‘lgan to‘liq zanjir shakllantirilmoqda.
Majmuaning umumiy maydoni 10,1 gektar, loyihalar qiymati esa 28 million dollarni tashkil etadi. Hududning 5,5 gektarida zamonaviy ishlab chiqarish binolari, dual ta’lim markazi va savdo shoxobchalari barpo etilgan.
Sanoat zonasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 150 milliard so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 10 tasi poyabzal va tagcharm, 2 tasi sun’iy charm, 2 tasi poyabzal yelimi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qolgan loyihalar doirasida rezina poyabzal, maxsus poyabzallar uchun ustki qismlar ishlab chiqarish va teri tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunga qadar majmuada 2 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarishga Turkiya, Xitoy va Italiyada malaka oshirgan mutaxassislar jalb etilgan. Ularning tajribasi mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Jumladan, ishlab chiqarish bino va inshootlari qiymatini yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Davlatimiz rahbari majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirib, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va eksport salohiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirkorlar bilan muloqotda mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy modellarni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, mahalliy kosibchilik an’analarini zamonaviy sanoat usullari bilan uyg‘unlashtirish, soha vakillari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi