Janubiy Koreyada o‘zbek yoshlari uchun “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi

Iyun 02, 2026. 11:55 • 2 daq

30
Janubiy Koreyada o‘zbek yoshlari uchun “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi

SEUL, 2-iyun. /“Dunyo” AA/.Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbek yoshlarining faolligi va tashabbuskorligidan mamnunligini bildirib, bunday intellektual-madaniy tadbirlar bilim va tafakkurni sinovdan o‘tkazish, do‘stona aloqalarni rivojlantirish hamda ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etilib, elchixona bu kabi loyihalarni amalga oshirishda bundan buyon ham har tomonlama ko‘maklashishi qayd etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning intellektual faolligini rag‘batlantirish, ularning kasbiy va do‘stona aloqalarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘zlarining yuksak bilim va salohiyatini namoyon etdi. “Zakovat” o‘yinida berilgan mantiqiy savollar va zukkolikni sinovdan o‘tkazuvchi topshiriqlar musobaqaning yana-da qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tishiga xizmat qildi.

“Zakovat” o‘yinining o‘tkazilishi Janubiy Koreyadagi o‘zbek yoshlarining faol ijtimoiy pozitsiyasi, ularning hamkorlikka, o‘zaro yordamga va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga intilishining yorqin namunasiga aylandi. Tadbir mazmunli muloqot, bilim va tajriba almashish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi. Shuningdek, u o‘zbek hamjamiyatining umumiy intellektual va madaniy qadriyatlar atrofida yana-da jipslashishiga xizmat qildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi. Bu esa tadbirga o‘ziga xos mehmondo‘stlik ruhini bag‘ishlab, madaniy birdamlikni yana-da mustahkamlashga hissa qo‘shdi.

Ishtirokchilarning fikricha, bunday tashabbuslar yoshlarning intellektual va ijtimoiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda, xorijdagi o‘zbek jamoat birlashmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish