Anqarada vatandoshlar uchun “Ehson dasturxoni” yozildi
May 28, 2026. 12:30 • 2 daq
• 197ANQARA, 28-may. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 26-may — “Arafa” kuni munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Anqara shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar va talabalar uchun “Ehson dasturxoni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anqara shahri markazidagi shinam maskanlardan birida yuqori saviyada o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirda 50 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabalar va faol vatandoshlar ishtirok etdi. Bir dasturxon atrofida jam bo‘lgan hamyurtlarimizga o‘zbek milliy taomi — shohona palov tortiq qilinib, samimiy, do‘stona va ko‘tarinki muhit yaratildi.
Uchrashuv chog‘ida elchixona diplomatlari so‘zga chiqib, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, aholi farovonligini yuksaltirish, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni tubdan mustahkamlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Diplomatlar xorijdagi yurtdoshlarimizga doimiy ravishda amaliy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini, har bir fuqaroning murojaati elchixona eʼtibor markazida bo‘lishini alohida taʼkidladilar.
Tadbir ishtirokchilari xorijda yashab, tahsil olayotgan yurtdoshlarni birlashtirish, milliy qadriyatlarni ulug‘lashda bunday uchrashuvlarning o‘rni beqiyos ekanligini qayd etdilar.
Ko‘tarinki va mazmunli ruhda o‘tgan marosim yakunida Qurʼon tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi va ravnaqi uchun ezgu duolar qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






