Berlinda o‘zbek tili va madaniyati markazi loyihasi ish boshladi
May 28, 2026. 09:10 • 3 daq
• 219BERLIN, 28-may. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi pilot loyiha sifatida o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur markaz ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz farzandlariga ona tili, milliy madaniyat, tarixiy meros va qadriyatlarimizni o‘rgatishga qaratilgan.
Berlinda ish boshlagan markaz nafaqat bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish, balki ularni xalqimizning boy maʼnaviy merosi, urf-odatlari va milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyiha Germaniyadagi vatandoshlarimizni Vatanimiz nufuzini xorijda yana-da yuksaltirish yo‘lida umumiy maqsad atrofida birlashtirishni ko‘zda tutadi.
Kurslar 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, mashg‘ulotlar kichik yoshdagi o‘quvchilar va o‘smirlar guruhlariga ajratilgan holda tashkil etildi. Birinchi darslarda 20 nafardan ortiq bola ishtirok etdi.
Ilk mashg‘ulotlar milliy madaniyatimizdagi salomlashish odoblari, o‘zbek va nemis madaniy muhitidagi o‘ziga xos jihatlar, shuningdek, O‘zbekiston davlat ramzlariga bag‘ishlandi. Bolalar darslar davomida ona tilida muloqot qilish, milliy anʼanalarning mazmun-mohiyatini anglash hamda O‘zbekiston haqidagi bilimlarini boyitish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shu kuni ota-onalar uchun ham davra suhbati tashkil etildi. Unda yosh avlodga o‘zbek tilini o‘rgatish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va xorijda voyaga yetayotgan farzandlarning Vatan bilan maʼnaviy rishtalarini mustahkamlashda oila hamda jamoatchilikning o‘rni xususida fikr almashildi.
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazining rasmiy ochilish marosimini O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab joriy yilning sentyabr oyida tashkil etish ko‘zda tutilgan. Markazning ish boshlashi Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod uchun muhim madaniy-maʼrifiy voqeʼlik bo‘ldi. Uning faoliyati bolalar qalbida ona tiliga mehr, milliy merosga ehtirom va mamlakatimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Vatandosh, nemis tili o‘qituvchisi O‘g‘iloy Primova:
- Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan farzandlarimiz uchun Alisher Navoiy nomidagi til va madaniyat Markazi pilot loyiha sifatida ish boshlaganidan juda mamnunmiz. Til va madaniyatimiz, urf-odatlarimizni bolalarimizga o‘rgatish juda muhim, deb o‘ylayman. Qayerda yashashimizdan qatʼiy nazar, milliy madaniyatimizni rivojlantirishimiz kerak va ushbu tashabbusdan juda mamnunmiz. Biz vatandoshlar ham ushbu markazning shakllanishiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Ushbu loyiha kelajakda farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘rganish va milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimizni bolajonlarimiz qalbiga singdirishga asos bo‘ladi, albatta. Farzandlarimiz bu yerda vatanimiz tili va madaniyatini o‘rganish, o‘zaro do‘st orttirishlaridan juda mamnunmiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









