Logo

O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi

Aprel 24, 2026. 12:55 • 2 daq

126
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi
O‘shda Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi

O‘Sh, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrida atoqli shoir Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo boshchiligidagi ijodkorlar, shoirning shogirdlari va oila aʼzolari O‘sh shahriga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda Qirg‘iz Respublikasi Davlat kotibi Arslan Koychiyev, TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi Sultan Rayev, O‘sh shahar meri Janar Akayev, Qirg‘iz Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imanaliyev, Qirg‘iziston O‘zbek milliy madaniy markazi rahbariyati, mahalliy ijod ahli hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbir boshlanishidan oldin mehmonlar shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan, fotosuratlar, kitoblar va shaxsiy buyumlar joylashtirilgan ko‘rgazma bilan tanishdi.

So‘zga chiqqanlar Shavkat Rahmon nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki butun turk dunyosi adabiyotining yirik vakili ekanini taʼkidladi.

Sultan Rayev shoir bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashib, uni turk dunyosi adabiyotini birlashtiruvchi shaxs sifatida taʼrifladi. Uning fikricha, Shavkat Rahmon ijodi qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarni mustahkamlovchi muhim ko‘prikdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, xalq shoiri Usmon Azim Shavkat Rahmonning ijodi, uning o‘zbek sheʼriyatida tutgan o‘rni, o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirib, shoir bilan o‘tkazgan davrlari haqida gapirdi.

Tadbir doirasida teatr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan adabiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Uchrashuv bayramona va samimiy ruhda o‘tib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘sh davlat universitetida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi, shoir Shuhrat Orifning qirg‘iz tiliga tarjima qilingan “44-kuz” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Sultan Rayev, ikki mamlakat yozuvchilar uyushmalari vakillari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

O‘sh davlat universiteti rektori Kudayberdi Kojobekov ushbu kitob nashrini yuqori baholab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalar yana-da mustahkamlanganini taʼkidladi. U O‘sh davlat universitetida “O‘zbek tili va madaniyati” markazi faoliyat yuritayotganini qayd etdi.

Mehmonlar shu kuni universitetda o‘tkazilgan “Dunyo xalqlarining madaniyatlari” ko‘rik-tanlovi doirasida turli davlatlardan kelgan talabalar tayyorlagan milliy ko‘rgazmalar bilan ham tanishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish