Madridda “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tadi
Aprel 15, 2026. 14:00 • 2 daq
• 94
MADRID, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Madrid shahri markazida yorqin madaniy tadbir – “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy filmining ilk yirik taqdimoti bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu yil 23-aprel kuni Ispaniya poytaxtida keng jamoatchilikka buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurga bag‘ishlangan ushbu badiiy film namoyish qilinadi.
Namoyish shaharning mashhur madaniy-ko‘ngilochar markazlaridan biri hisoblangan “Palacio de Hielo” hududida joylashgan zamonaviy kinoteatrda o‘tkaziladi.
Tadbir mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Shu bilan birga, ushbu xayrli ishga Ispaniya va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi, nufuzli muassasa “Casa Asia” yaqindan yordam beradi.
Mehmonlarni oddiy kino asar emas, balki tarix, sanʼat va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan haqiqiy madaniy voqea kutmoqda. Film buyuk hukmdor siymosi, uning davri va merosini ochib berib, mutaxassislar hamda keng auditoriyada katta qiziqish uyg‘otadi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi hamda Turkiyaning “Kanguru” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan mazkur filmda Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatining shu paytgacha ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan ibratli jihatlari to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Taniqli adib Xayriddin Sulton ssenariysi asosida, isteʼdodli kinorejissyor Yolqin To‘ychiyev tomonidan suratga olingan “Ulug‘ Amir va donna Mariya” badiiy filmi, avvalo, murakkab syujet chizig‘i, mavzuning original talqini, tarix va bugungi kun voqeliklarini uyg‘un va mushtarak holda badiiy aks ettirishi, dramatik intrigalarga boyligi bilan tomoshabinlar eʼtiborini tortadi.
Ushbu premyera O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Avval xabar qilinganidek, "Buyuk Amir va Donna Mariya" filmi 27-aprel kuni Londonning eng nufuzli va tarixiy kino zallaridan biri bo‘lgan Regent Street Cinema kinoteatrida Britaniya jamoatchiligiga taqdim etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi