Pokiston kompaniyasi O‘zbekiston farmatsevtika sohasiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Aprel 24, 2026. 14:55 • 3 daq
• 192
ISLOMOBOD, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Pokistonning “SAMI Pharmaceuticals” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn shaklda muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda tashkil etilgan farmatsevtika klasterlari hududida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, innovatsion texnologiyalar transferi, mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, sohada xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilish salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Pokiston tomoniga O‘zbekiston farmatsevtika bozorining bugungi holati, uning rivojlanish tendensiyalari va istiqbollari haqida so‘zlab berildi. Jumladan, mahalliy va mintaqaviy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan dori vositalari, investitsiya uchun ustuvor yo‘nalishlar, taklif etilayotgan istiqbolli loyihalar hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va imtiyozlarga to‘tulib o‘tildi.
Shuningdek, “Tashkent Pharma Park” (Bio Pharma City) farmatsevtika klasteri loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda ushbu klaster doirasida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos laboratoriyalar tashkil etish va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Investorlar uchun davlat tomonidan taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, infratuzilma bilan taʼminlash, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish kabi qo‘llab-quvvatlash choralari ham alohida taʼkidlandi.
O‘z navbatida, “SAMI Pharmaceuticals” kompaniyasi rahbari o‘z korxonasi faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Unda kompaniyaning 50 yildan ortiq tajribaga ega ekani, Pokistondagi eng yirik va nufuzli farmatsevtika ishlab chiqaruvchilaridan biri sifatida shakllangani qayd etildi. Kompaniya zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, yuqori sifat standartlari, ilmiy izlanishlarga asoslangan yondashuvi hamda xalqaro bozorlardagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan ajralib turadi.
Xorijiy tomon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan farmatsevtika korxonalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surdi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari mazkur takliflarni chuqur o‘rganish, ularni amalga oshirish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish hamda hamkorlikdan manfaatdor mahalliy korxonalarni aniqlash va jalb etishga ko‘maklashishlarini maʼlum qilishdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro muloqotni davom ettirish, yaqin vaqt ichida amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikning eng samarali shakllarini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi