Vengriyaning yetakchi kompaniyasi O‘zbekiston bilan energetika va infratuzilmaviy loyihalar sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor
Fevral 08, 2026. 16:00 • 41 soniya
• 57
BUDAPESHT, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Vengriyaning yetakchi “MOL Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi istiqbolli loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning amaliy bosqichlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, shu yil fevral oyida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “MOL Group” kompaniyasi uchun taklif etiladigan istiqbolli bloklar ro‘yxati shakllantirilib, taqdim etiladi. Bu xorijiy investorlarga mamlakatimizning xomashyo bazasini o‘rganish va qidiruv ishlarini rejalashtirish imkonini beradi.
Hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2026-yilning mart oyida “MOL Group” vitse-prezidenti boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifi tashkil etiladi. Tashrif doirasida loyihalarning texnik jihatlarini joyida o‘rganish va yakuniy kelishuvlarga erishish nazarda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
