Vashington shahrida O‘zbekiston Notarial palatasi vakillarining AQSh va Kanadadagi vatandoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi
Mart 06, 2026. 09:00 • 2 daq
• 14VASHINGTON, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Notarial palatasi delegatsiyasining AQShga xizmat safari doirasida mamlakatimiz elchixonasida AQSh va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan gibrid formatdagi uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — fuqarolar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, ularni notarial sohadagi so‘nggi islohotlar, raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan zamonaviy xizmatlar va yangi imkoniyatlar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Muloqotda nafaqat Vashington shahri, balki AQShning boshqa shtatlari hamda Kanadada yashovchi yurtdoshlarimiz videokonferensaloqa orqali onlayn ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otgan masala — notarial harakatlarni masofadan turib, onlayn videokonferensiya orqali amalga oshirish imkoniyati bo‘ldi. Mutaxassislar ushbu tizim vaqt va mablag‘ni tejashi, zarur huquqiy masalalarni O‘zbekistonga kelmasdan turib tezkor hal etishda muhim ahamiyatga ega ekanini tushuntirdi.
Shuningdek, muloqotda ishonchnomalarni rasmiylashtirish, meros masalalari, turli mazmundagi rozilik arizalari hamda AQShda berilgan hujjatlarning O‘zbekistonda tan olinishi (legallashtirish va apostil) kabi dolzarb mavzular bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Tadbir yakunida vatandoshlar xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun yaratilayotgan bunday qulayliklar va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


