Logo

O‘zbekiston Prezidenti transport sohasidagi loyihalarning borishini ko‘rib chiqdi

Mart 05, 2026. 20:25 • 3 daq

31
O‘zbekiston Prezidenti transport sohasidagi loyihalarning borishini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Toshkent – Samarqand yoʻnalishida yangi zamonaviy avtomagistral qurish loyihasi koʻrib chiqildi. Rejaga koʻra, ushbu yoʻlning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Shundan 140 kilometrlik uchastkalarda tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta koʻprik va 16 ta yoʻl oʻtkazgich qurilishi koʻzda tutilgan.

Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur yoʻl Ia toifali, yaʼni avtomobil yoʻllarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral boʻladi. Unda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali oltita harakat tasmasi barpo etiladi. Yoʻlning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometr etib belgilanadi.

Shuningdek, Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yoʻnalishida 171 kilometrlik muqobil avtomobil yoʻli barpo etish loyihasi ham amalga oshiriladi. Ushbu yoʻlda 33 kilometrlik tonnellar hamda bir qator yirik muhandislik inshootlarining qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.

Avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yoʻllarini qurish loyihalarining borishi haqida ham maʼlumot berildi.

Shuningdek, Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari koʻrib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yoʻlovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan boʻlgan ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagini barpo etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yiliga 20 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish, soatiga 30 ta qoʻnish va uchishni taʼminlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun avtoturargoh tashkil etish koʻzda tutilgan.

Ayni paytda boʻlajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish