O‘zbekistonning besh oylik tashqi savdo aylanmasi 33 milliard dollarga yaqinlashdi
Iyul 03, 2026. 11:00 • 2 daq
• 103
TOSHKENT, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar–may oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foizga o‘sib, 32,8 milliard AQSH dollarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, eksport hajmi 12,6 milliard dollarni tashkil etib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 15,5 foizga kamdir. Ayni vaqtda import 20,8 foizga o‘sgan va 20,1 milliard dollarga yetgan.
Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti barqaror o‘sish surʼatini namoyon etdi. Besh oy davomida u o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,4 foizga ko‘payib, 6,5 milliard dollarni tashkil etdi.
Hisobot davrida O‘zbekiston dunyoning 185 mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bordi.
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (23,4%), Rossiya Federatsiyasi (17,6%), Qozog‘iston (6,9%), Turkiya (3,7%) va Afg‘oniston (2,8%) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ekspertlarning fikricha, umumiy eksport hajmining kamayishiga qaramay, tashqi savdo aylanmasining o‘sishi va oltinni hisobga olmaganda, noxomashyo eksportining sezilarli darajada oshgani O‘zbekiston tashqi savdosining diversifikatsiyasi hamda uning xorijiy sheriklar bilan iqtisodiy aloqalari kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi