O‘zbekiston Prezidentining COP31dagi nutqi Markaziy Osiyoning yagona va uzoq muddatli iqlim kun tartibini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi

Noyabr 12, 2026. 12:30 • 3 daq

• 15
O‘zbekiston Prezidentining COP31dagi nutqi Markaziy Osiyoning yagona va uzoq muddatli iqlim kun tartibini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi

TOSHKЕNT, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi (TSTXTM) yetakchi ilmiy xodimi Shahzoda Orinbekova “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–12-noyabr kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Butunjahon yetakchilari iqlim sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Antaliyadagi COP31 sammitidagi ishtiroki va nutqi mamlakatning xalqaro iqlim kun tartibidagi o‘z mavqeini mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoda amaliy hamkorlik mexanizmlarini ilgari surishga intilishini yaqqol aks ettiradi. Mintaqadagi iqlimiy tahdidlar – muzliklarning erishi, suv taqchilligi, cho‘llanish va qurg‘oqchilik barcha davlatlarning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarini taqozo etmoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoning iqlim xavfsizligi iqtisodiy va oziq-ovqat barqarorligi, aholi hayoti sifati bilan bevosita bog‘liq. Shu bois umumiy ekologik muammolarni bartaraf etish mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishi lozim.

O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududini tiklash, o‘rmonlashtirish ko‘lamini kengaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiyotning uglerod sig‘imini qisqartirish borasida erishilgan natijalar hamda 2035-yilga borib chiqindilar miqdorini 50 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsad mamlakatning kam uglerodli taraqqiyot modeliga izchil o‘tayotganidan dalolat beradi.

Axborot almashinuvi, ekologik texnologiyalarni joriy etish va maqsadli moliyalashtirishni jalb qilishni o‘zida mujassam etgan Markaziy Osiyoda iqlim integratsiyasi modeli alohida e’tiborga molik. Ushbu modelning hayotga tatbiq etilishi tabiiy xavf-xatarlarni birgalikda monitoring qilishni kuchaytirish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish hamda mintaqaviy ekologik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbusning asosiy qimmati shundaki, u tarqoq ekologik loyihalardan mintaqaviy hamkorlikning doimiy mexanizmlariga o‘tishni ko‘zda tutadi. Suv xavfsizligi, yerlarni qayta tiklash va xalqaro moliyaviy resurslarni jalb etish sohasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlariga iqlimiy xatarlarga yanada samarali qarshi turishda ko‘maklashadi.

O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi bo‘lajak raisligi hamda doimiy investitsiyaviy-texnologik maydon sifatida “ECO EXPO”ning rivojlantirilishi mintaqaviy ekologik diplomatiyaga va innovatsion yechimlarni joriy etishga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Ilgari surilgan tashabbuslarning amaliy ijrosi muvaffaqiyatning hal qiluvchi shartiga aylanadi. Ularning samaradorligi suvdan foydalanish unumdorligini oshirish, ekotizimlarni tiklash, iqlim monitoringini takomillashtirish va investitsiyalarni jalb etish kabi aniq natijalar bilan baholanishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston yetakchisining COP31dagi nutqi Markaziy Osiyoning yagona va uzoq muddatli iqlim kun tartibini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish