Turkman milliy jahon tillari institutida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi

Noyabr 12, 2026. 12:00 • 2 daq

• 18
Turkman milliy jahon tillari institutida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Turkman milliy jahon tillari institutida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Turkman milliy jahon tillari institutida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi

ASHXOBOD, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Dovletmammet Azadi nomidagi Turkman milliy jahon tillari institutida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanali marosimda 300 ga yaqin mehmon, xususan, Ashxobod shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, vatandoshlar, ziyolilar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti va qat’iy siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar va ta’lim yo‘nalishlarida yuqori bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yildan-yilga yangi mazmun bilan boyib borayotgani alohida qayd etildi. Madaniyatlararo muloqot va tillarni chuqur o‘rganish xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eng muhim ko‘prik ekani ta’kidlandi.

Yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tadbirning ilmiy-ma’rifiy qismidagi o‘zbek tili tarixi, boyligi va bugungi kundagi ahamiyatiga bag‘ishlangan mazmunli taqdimot yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Bayram tadbiri “Turkman-o‘zbek do‘stligi – ona tillarining davomiyligi” deb nomlangan keng qamrovli adabiy-musiqiy kompozitsiya hamda an’anaviy “Lazgi” raqsi, jozibali o‘zbekcha popurri va “Turkman-o‘zbek kuylari” musiqiy kompozitsiyasini o‘z ichiga olgan yorqin konsert dasturi bilan davom etdi. 

Bayram so‘ngida “Turkmaniston va O‘zbekiston: tarixiy ildizlar, umumiy kelajak” esselar tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. O‘zaro madaniy-gumanitar hamkorlik va iliq munosabatlarning ramzi o‘laroq, universitet kutubxonasiga o‘zbek adabiyotining bebaho durdonasi – Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani sovg‘a qilindi.

Tadbir ikki xalqning azaliy do‘stligini ifodalovchi “Turkman-o‘zbek qo‘shig‘i yangrasin” qo‘shig‘ining ijrosi bilan yakunlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish