Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqi

Iyun 05, 2026. 21:06 • 11 daq

16
Oʻzbekiston  Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqi

(2026-yil 5-iyun, Sankt-Peterburg sh.)

Hurmatli Vladimir Vladimirovich!

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga mazkur forumga taklif etgani va samimiy mehmondoʻstlik uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluhu Hasan xonimni, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi oʻrinbosari Xan Chjen janoblarini qutlayman.

Oʻzining oʻttiz yillik faoliyati davomida jahon miqyosidagi eng muhim masalalar yuzasidan fikr almashish boʻyicha nufuzli va zarur muloqot maydonlaridan biriga aylangan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish men uchun katta sharafdir.

Oʻzbekiston bilan tarix, maʼnaviy yaqinlik va insoniy taqdirlar orqali bogʻlangan Rossiyaning madaniy poytaxti – Sankt-Peterburg shahrida bugun yana bir bor boʻlib turganimdan gʻoyat xursandman.

Urushning ogʻir yillarida koʻplab oʻzbekistonliklar Leningrad mudofaasida qatnashgan, Toshkent esa bir yarim million nafardan ortiq evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga boshpana bergan edi. Bu haqdagi xotira umumiy maʼnaviy makonimizning bir qismi boʻlib qolmoqda.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Bugun aynan shu yerda, Neva boʻyida biz oʻtmishni yod etib, kelajak va global iqtisodiyotning yangi arxitekturasiga oid masalalarni muhokama qilmoqdamiz.

Dunyo chuqur qayta qurish jarayonlarini boshidan kechirmoqda. Transport yoʻnalishlari oʻzgarmoqda, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda. Zamonaviy texnologik platformalar paydo boʻlib, barcha sohalarda sunʼiy intellekt joriy etilmoqda. Energetik, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda. Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda namoyon boʻlmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham uning taʼsiri sezilmoqda.

Jahon iqtisodiyotida beqarorlik hukm surayotgan sharoitda birlashtiruvchi rol oʻynaydigan va oʻz atrofida kooperatsiya, barqarorlik hamda oʻzaro manfaatdorlik makonini shakllantirishga qodir boʻlgan davlatlar va mintaqalarning ahamiyati ortib bormoqda.

Oʻzbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yoʻlining yuragi boʻlib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki gʻoya va bilimlar, madaniy va diniy anʼanalar bir-birini oʻzaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan. Hozirgi kunda u yangicha maʼno-mazmun kasb etib bormoqda.

Oʻzbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy oʻsish markaziga aylanmoqda. Bu mintaqada kelajakning transport, texnologiya va demografiya sohalaridagi qiyofasi namoyon boʻlmoqda. Ushbu makonda Shimol va Janub, Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi asosiy kommunikatsiyalar chorrahasi shakllanmoqda.

Kuchayib borayotgan ayni tendensiyani yanada mustahkamlash uchun bizga sifat jihatidan yangi darajadagi bogʻliqlik nihoyatda zarur. Bu oʻrinda nafaqat anʼanaviy transport-logistika va energetika yoʻlaklarini birlashtirish, balki raqamli, toʻlov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish haqida ham soʻz bormoqda. Kuchli, birlashgan, iqtisodiy jihatdan bogʻlangan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sheriklarimizning strategik manfaatlariga javob beradi.

Xonimlar va janoblar!

Oʻzbekiston uchun Rossiya mintaqadagi shunchaki qoʻshni emas. Bu davlat bizning vaqt sinovidan oʻtgan strategik sherigimiz va ittifoqchimizdir.

Bugungi kunda oʻzaro munosabatlarimiz yangi davrga qadam qoʻydi. Hamkorlik koʻp darajali va koʻp qirrali tus oldi.

Biz mahsulotlarning oddiy savdo-sotigʻidan murakkab sanoat zanjirlari, texnologik alyanslar, birgalikda loyihalashtirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qadar boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdik. Bizning statistik maʼlumotlarimizga koʻra, soʻnggi 10 yilda oʻzaro mahsulot aylanmasi uch barobardan koʻproq – 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga oshdi. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi.

Ikki davlat hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengaymoqda. Bu jarayonga bizning asosiy hamkorlarimiz – Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Moskva va Leningrad viloyatlari, Tatariston va Boshqirdiston, Krasnoyarsk va Perm oʻlkalari, shuningdek, Rossiyaning boshqa koʻplab hududlari faol jalb qilingan.

Amalga oshirilayotgan hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etadi, yana 5 milliard dollarlik investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda. Oʻzaro hamkorlik barcha muhim sohalarni, jumladan, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, logistika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarni qamrab olmoqda. Loyihalar qatorida Oʻzbekistonning beshta hududidagi qoʻshma sanoat parklari va Toshkentda tashkil etilgan qoʻshma vagonsozlik klasteri alohida eʼtiborga loyiqdir.

Energetika sohasidagi hamkorlikka alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Investitsiya loyihalari, jumladan, Rossiya ishtirokidagi loyihalar hisobidan biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni bir yarim barobar – 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga oshirdik. 2030-yilgacha generatsiyani 120 milliard kilovatt-soatgacha koʻpaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Uning 54 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari tashkil etadi.

Bizning energetika sohasidagi quvvatlarimiz, shuningdek, Oʻzbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hisobidan ham ortadi. Kecha biz Vladimir Vladimirovich bilan AES qurilishining birinchi poydevorini qoʻyish marosimida qatnashdik. Biz uchun bu uzoq muddatli rivojlanish, yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirishga qaratilgan loyihadir.

Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz.

Aziz doʻstlar!

Hozirgi sharoitda Oʻzbekiston va Rossiyaning texnologiyalar va sanoat sohasidagi hamkorligi faqat ikki tomonlama aloqalar doirasida cheklanib qolmasligi kerak.

Biz sanoat boʻyicha salohiyatni, resurslar, bozorlar va kompetensiyalarni birlashtirishga qodir boʻlgan ulkan kooperatsiya makonini yaratishni moʻljal qilyapmiz. Aynan shuning uchun biz “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Bu sanoat kooperatsiyasining yagona raqamli platformasi bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik klasterlarning oʻzaro bogʻliq tizimidir. Bu oʻrinda texnologiyalarni ishlab chiqish va kadrlar tayyorlashdan tortib, sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha boʻlgan toʻliq siklli zanjirlarni yaratish haqida soʻz bormoqda.

Ushbu tashabbusni sinovdan oʻtgan, har yili Toshkentda oʻtkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” innovatsion-sanoat koʻrgazmasi platformasi bazasida amalga oshirishni taklif etamiz. Bunday yondashuv biznes uchun hamkorlarni toʻgʻridan-toʻgʻri topish va oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatish imkonini beradi.

Xonimlar va janoblar!

Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi, hech shubhasiz, iqtisodiyotning yangi muloqot vositasi, taʼbir joiz boʻlsa, tiliga aylangan raqamlashtirishdir.

Agar ilgari infratuzilma deganda, yoʻllar, quvurlar va elektr uzatish tarmoqlari tushunilgan boʻlsa, bugungi kunda bu, avvalo, raqamli platformalar demakdir. Ular oʻz atrofida yaxlit ekotizimni – ish oʻrinlari, logistika, toʻlov xizmatlari, yangi eksport imkoniyatlarini shakllantirmoqda.

Oʻzbekiston biznesi raqamli yechimlarni faol rivojlantirmoqda va ayni paytda keng doiradagi mamlakatlar bilan texnologik hamkorlik uchun ochiqdir. Masalan, Rossiya marketpleyslari va raqamli servislari orqali mahsulotlarimiz savdosi hajmi soʻnggi bir necha yilda 3,5 barobar oʻsib, bir yarim milliard dollardan oshdi.

Hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qoʻshma Raqamli ekotizimni shakllantirishga kirishishni taklif etamiz. Ilk bosqichda u raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, Oʻzbekiston va Rossiya brendlarini hamkorlikdagi platformalarda ilgari surish, bandlik boʻyicha yagona raqamli profilni yaratish, sunʼiy intellekt asosida mahsulotlarni rivojlantirishni oʻzida qamrab olishi mumkin. Bu biznes uchun yangi bozorlar, fuqarolar uchun esa daromad topishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Ayni paytda raqamlashtirishni keng qoʻllashga intilar ekanmiz, har qanday oʻzgarishlar negizida doimo inson turishini yodda tutish muhimdir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning eng yosh mamlakatlaridan biri boʻlib, aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadi. Bu shunchaki oddiy statistika emas. Bu – rivojlanish uchun quvvat, energiya manbai. Bu – yangi talab. Bu – bizning kelajagimiz.

Shu bois, bizning vazifamiz faqat yoshlarga zamonaviy bilim berishdan iborat emas. Yoshlar ilgʻor kompetensiyalarni oʻzlashtirishi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun imkon beradigan sharoitlarni yaratish muhimdir. Bu oʻrinda taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik alohida oʻrin tutadi.

Oʻzbekistonda xorijiy oliygohlarning 32 ta, jumladan, Rossiya oliy taʼlim muassasalarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Bu Rossiyaning xorijdagi eng yirik universitetlar tarmogʻi hisoblanadi.

Shu bilan birga, kasbiy taʼlim, ayniqsa, amaliyotga yoʻnaltirilgan kadrlar tayyorlash dasturlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Bizda bu borada allaqachon muvaffaqiyatli misollar bor. Olmaliq va Toshkentda birinchi qoʻshma muhandislik maktablari ishga tushirildi.

Onlayn taʼlim servislari mazkur sohadagi samarali hamkorlik mexanizmi boʻlishi mumkin. Bunday servislarning ishga tushirilishi yoshlarga hatto eng chekka hududlarda ham zarur bilimlarni olish imkonini beradi. Bu mehnat mobilligi modelini tubdan oʻzgartiradi va uni tashkil etishni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.

Shu munosabat bilan biz Inson kapitalini rivojlantirish qoʻshma onlayn-platformasini yaratishni taklif etamiz. Uning vazifasi – taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini oʻzaro bogʻlashdan iborat.

Ushbu tizimda taʼlim dasturlari, til oʻrgatish va axborot texnologiyalari kurslari, yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ish beruvchilar bilan bogʻlanish imkoniyatlari birlashtirilishi mumkin.

Yoshlar uchun bu yangi iqtisodiyot sari aniq-ravshan yoʻnalish boʻladi. Biznes uchun tayyor kadrlar bazasidan foydalanish imkoniyatidir. Universitetlar va kollejlar uchun bozorning real talabi bilan aloqa vositasidir. Oʻzbekiston va Rossiya uchun esa eng oliy qadriyat boʻlgan insonlarga uzoq muddatli sarmoyadir.

Agar hurmatli Vladimir Vladimirovich ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlasa, sohaviy idoralarimizga bunday platformani imkon qadar tezroq ishga tushirish vazifasini topshiramiz.

Hamkorligimizning gumanitar asosi sifatida turizmni alohida koʻrsatib oʻtishni istar edim. Ushbu tarmoq ishonch iqtisodiyotini hammadan koʻra yaxshiroq shakllantiradi.

Odamlar Oʻzbekistonga kelar ekan, nafaqat tarixiy yodgorlik va shaharlarni, balki madaniyatni, mehmondoʻstlik, ishbilarmonlik muhiti va biznes uchun imkoniyatlarni ham koʻradi. 2025-yilda bizning mamlakatimizda qariyb bir million rossiyalik mehmon boʻldi, bu yil esa biz yanada koʻproq sayyohni qabul qilishga tayyormiz. Buning uchun nafaqat turistik infratuzilmani, balki kreativ iqtisodiyotni ham rivojlantiryapmiz. 2030-yilga borib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizni tashkil etadi. Bu esa ushbu ijodiy sohani iqtisodiy oʻsishning drayverlaridan biriga aylantiradi.

Hamkorligimizning madaniy-gumanitar yoʻnalishini mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yoʻlagi loyihasini ishga tushirishni taklif etamiz. Ushbu tashabbus sanʼat va kino festivallari, muzey koʻrgazmalari, gastronomiya haftaliklari va musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.

Kecha Mariinskiy teatri va “Ermitaj” davlat muzeyida Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatiga doir loyihalar boshlandi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

2026-yil mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Biz tizimli islohotlarning muhim marrasiga yaqinlashmoqdamiz. Bundan oʻn yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishni boshlagan edik. Oʻtgan davrda uzoq muddatli oʻsish uchun mustahkam asos – qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror sanoat bazasi va yangi infratuzilma yaratildi.

Iqtisodiyotimiz hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga oshdi, joriy yil esa 8 foizdan yuqori oʻsishni prognoz qilmoqdamiz. Islohotlar boshlanganidan buyon mamlakatimizga 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Tovar va xizmatlar eksporti qariyb 3 barobar oshdi.

Oʻzbekiston hatto hozirgi global beqarorlik sharoitida ham barqaror oʻsish dinamikasini namoyish etmoqda. Iqtisodiyotimiz yanada koʻp qirrali boʻlib bormoqda, ichki bozor kengaymoqda, zamonaviy texnologiyalar, infratuzilma va sifatli ish oʻrinlariga talab ortmoqda.

Yosh, faol va tez oʻsib borayotgan aholi Oʻzbekistonning muhim ustunliklaridan biridir. Bu tadbirkorlik, texnologiyalar, servislar va sanoatni rivojlantirishning uzoq muddatli bazasidir.

Ammo demografik oʻsish oʻz-oʻzidan muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Bu salohiyatni kuchli intellektual resurs – kompetensiyalarga, unumdorlikka, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar va texnologiyalar yaratish qobiliyatiga aylantirishimiz kerak.

Biz islohotlarimizning ilk davridanoq bozor samaradorligi va ijtimoiy masʼuliyatni uygʻunlashtirishga harakat qilib kelyapmiz. Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanish modelining oʻziga xosligi aynan shu jihat bilan belgilanadi. Oʻsish nafaqat tez surʼatlarda, balki barqaror, inklyuziv va odamlarning hayot sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.

Faqat soʻnggi 5 yilda aholining umumiy daromadlari 2,5 barobar oshdi. Biz uchun asosiy mezon bu yuqori hayot sifati, inson qadr-qimmati va har bir odamning salohiyatini roʻyobga chiqarishdir.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi aynan shu maqsadga erishishga xizmat qiladi. Ushbu davrga qadar biz aholi daromadlarini oʻrtachadan yuqori darajaga koʻtarish, barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, iqtisodiyot hajmini yana bir yarim barobar – 240 milliard dollardan koʻproqqa oshirish niyatidamiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Oʻzbekistonda global investitsiyalar uchun barcha shart-sharoitlar izchil shakllantirilmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda, bozor institutlari takomillashtirilmoqda, raqobat darajasi va ishlab chiqarish salohiyati ortmoqda.

Ushbu forumda ishtirok etayotgan investorlarni yuqori qoʻshimcha qiymatli yangi sanoat zanjirlarini yaratishga taklif etamiz.

Kompetensiyalarni, ishlab chiqarish va ishlanmalarni chuqur mahalliylashtirish, shuningdek, zamonaviy injiniring va yangi eksport yoʻnalishlarini rivojlantirish bizning ustuvor vazifamizdir. Bu bugungi kunda sanoat usulida qayta ishlash, agrotexnologiyalar, biokimyo, robototexnika, raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt kabi yangi iqtisodiyot shakllanayotgan sohalarda ayniqsa muhimdir.

Energetika, aviatsiya, taʼlim, geologiya va boshqa koʻplab sohalarda davlat-xususiy sheriklik tamoyili shaklida amalga oshirilayotgan loyihalarda biz hamkorlik uchun katta salohiyatni koʻrmoqdamiz.

Manfaatdor sheriklarimizga nafaqat oʻsib borayotgan ichki bozorimiz, balki qoʻshni mamlakatlar va mintaqalarga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatini ham taklif etamiz.

Aziz doʻstlar!

Oʻzbekiston global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror mamlakatdir. Iqtisodiyotimizning yuqori darajada ochiqlik sari harakat qilayotgani yetakchi reyting agentliklari tomonidan xolis tasdiqlanmoqda. Faqat shu yilning oʻzida mamlakatimiz Iqtisodiy erkinlik indeksida yana 14 pogʻona yuqori koʻtarildi.

Soʻnggi yillarda biz xalqaro bozorlarga 16 milliard dollarlik suveren va korporativ obligatsiyalarni joylashtirdik. Oʻtgan oyda London fond birjasida eng yirik davlat kompaniyalarining aktivlarini birlashtirgan Oʻzbekiston Milliy investitsiya fondining aksiyalari birinchi marotaba ommaviy savdoga chiqarildi.

Kapital bozorini yanada rivojlantirish, barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida eng yaxshi standartlar asosida ishlaydigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishga kirishdik. Markazning maxsus huquqiy maqomga va soliq imtiyozlariga ega ekani investorlarga biznes yuritish uchun qulay vosita va ishonchli kafolatlarni taqdim etadi.

Fursatdan foydalanib, barchangizni 16-18-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etaman. Ushbu anjuman doirasida Yangi Oʻzbekistonning yangi imkoniyatlari va istiqbollari bilan bevosita tanishish mumkin boʻladi.

Xonimlar va janoblar!

Albatta, bugungi forumning “Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yoʻl” degan shiori ramziy maʼnoga ega. Chindan ham aynan ochiq va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqot hozirgi kunda barqaror rivojlanishning asosiy shartiga aylanmoqda. Ishonch, hamkorlikka tayyorlik va birgalikda yechim izlashga intilish bor joyda yangi imkoniyatlar paydo boʻladi. Oʻzbekiston va Rossiya sherikligi bunday hamkorlikning yorqin namunasidir.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu keng koʻlamli xalqaro forumga taklif etgani hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

Soʻzimning yakunida barcha ishtirokchilarga samarali faoliyat yuritishlari va qiziqarli fikr almashishlarini tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish