O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi assambleyasi ishtirokchilariga tabrigi

Iyun 04, 2026. 15:47 • 5 daq

146
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi assambleyasi ishtirokchilariga tabrigi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli assambleya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni asrlar davomida Sharq va G‘arbni, turli madaniyat va sivilizatsiyalarni, ilm-fan va amaliy bilimlarni bog‘lab kelgan qadimiy Samarqand shahrida samimiy qutlash biz uchun ulkan sharafdir.

Bugungi yig‘ilish 5 iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida o‘tayotgani alohida ramziy ma’noga ega. Shu munosabat bilan anjuman ishtirokchilarini ushbu muhim sana bilan chin dildan tabriklayman.

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, bugungi kunda insoniyat misli ko‘rilmagan inqirozlar – iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelmoqda.

Bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamg‘arma alohida o‘rin egallab kelmoqda. 186 ta davlatni birlashtirgan ushbu noyob global hamkorlik platformasi hozirga qadar 170 milliard AQSH dollaridan ziyod mablag‘ni ekologik loyihalar uchun safarbar etgani tahsinga sazovordir.

Ming afsuski, iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan cho‘llanish, yer degradatsiyasi, muzliklarning erishi va suv tanqisligi Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Jahon banki tahliliga ko‘ra, mintaqamizda qariyb 37 million kishi suv tanqisligi kuchli bo‘lgan hududlarda yashamoqda va 2050 yilga borib, bu ko‘rsatkich 75 millionga yetishi mumkin.


Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Yangi O‘zbekiston mavjud muammolar ko‘lamiga qaramay, ekologik transformatsiyani yangi taraqqiyot modeli sifatida ko‘rmoqda. Shu bois, biz tizimli loyiha boshqaruviga o‘tib, atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillik, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish, ekologik ta’lim va madaniyatni qamrab olgan beshta milliy loyihani amalga oshirmoqdamiz.

Mazkur tashabbuslar doirasida 2030-yilga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini respublika hududining 21 foizigacha kengaytirish, havoga zararli tashlamalarni 10,5 foizga qisqartirish hamda har bir hududda dendrologiya va botanika bog‘larini tashkil etish rejalashtirilgan.

Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha joriy yilda 2 ta, kelgusi ikki yilda yana 9 ta zavodni ishga tushirish belgilangan, ular yiliga 5,5 million tonna chiqindini qayta ishlash orqali 1,1 million tonna issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirishga yordam beradi.

Mamlakatimizda ekologik ta’lim va ilm-fanning yagona ekotizimi shakllantirilib, “Green University” negizida 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti va markaz hamda 14 ta “yashil” texnikum birlashtirildi, qariyb 2 million yoshning ekologik savodxonligini oshirish jarayoni boshlab yuborildi.

Biz o‘tgan asrda yuz bergan Orol fojiasiga yangicha yondashib, uning oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududini tiklanish, ilm-fan va innovatsiyalar maydoniga aylantirish yo‘lida 2 million gektardan ortiq unumdorligini yo‘qotgan yerlarni qayta tiklamoqdamiz.

Mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish va amaliy yechimlarni joriy etish maqsadida “Eco Expo Central Asia” platformasi yo‘lga qo‘yildi, u hududlar va sanoatdagi ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarga moliyaviy resurslar va “yashil” yechimlarni jalb etishga xizmat qiladi.  

Fursatdan foydalanib, Sizlarni tashkil etilgan ko‘rgazmaga taklif qilaman. Yashil loyihalarimiz manfaatli kelishuvlarga asos bo‘ladi degan umiddaman.


Qadrli do‘stlar!

Albatta, iqlim o‘zgarishining tobora kuchayib borayotgan salbiy ta’siri bizdan tezkor amaliy qadamlarni talab qilmoqda. Assambleya doirasida bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqchimiz va ularni hayotga tatbiq etishda Sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz biz uchun muhim ahamiyatga ega.

Birinchidan. Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilishni taklif etamiz.

Biz Samarqandni mintaqaviy “yashil iqtisodiyot”, barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirishni, shaharni pilot “yashil hudud” sifatida rivojlantirishni hamda ushbu tajribani keyinchalik respublikaning boshqa shaharlariga ham tatbiq etishni maqsad qilganmiz.

Ikkinchidan. Bundan 600 yil muqaddam Mirzo Ulug‘bek Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgan bo‘lsa, bugungi kunda Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qoshida Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Institut hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini yashil va barqaror rivojlanish asosida transformatsiya qilish, xalqaro ilmiy markazlar va moliya institutlarini jalb etish bo‘yicha yetakchi ilmiy-tahliliy platforma bo‘ladi, uning strategik boshqaruvi esa Prezident huzuridagi Vasiylik kengashi orqali amalga oshiriladi.

Uchinchidan. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilmoqda.

Markaz gidrometeorologiya, erta ogohlantirish, glyatsiologiya, iqlim ta’sirini baholash va issiqxona gazlari monitoringini uyg‘unlashtirib, iqlim prognozlari, modellashtirish, moslashuv va mitigatsiya dasturlari, mintaqaviy hamkorlik hamda WMO GAW va NASA AERONET dasturlarida ishtirok etish uchun institutsional zamin yaratadi.

To‘rtinchidan. Yaqinda Qozog‘iston Prezidenti bilan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Uning faoliyati “yashil” moliyani jalb etish, o‘rmon-melioratsiya, ilmiy tadqiqotlar, sanoatni ekologik modernizatsiya qilish hamda monitoring va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Mintaqaning barcha davlatlarini Konsorsium faoliyatiga qo‘shilishga taklif etamiz.

Beshinchidan. Cho‘llanishga qarshi kurash instituti negizida Orolbo‘yida cho‘llanish oqibatlarini yumshatish, “yashil” qalqonlar barpo etish va iqlim moslashuviga qaratilgan “cho‘l iqtisodiyoti” tashabbusini ilgari surib, uni GEFning ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohang holda xalqaro moliyaviy hamda texnik ko‘mak asosida amalga oshirishni taklif etamiz.

Oltinchidan. 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida o‘tkazilib, uning doirasida “Eco Expo Central Asia” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Forumda har bir hudud yashil investitsiyalarni jalb qilish uchun kamida 100 ta istiqbolli loyihani tayyorlab, investorlarga taqdim etadi.

Yana bir muhim tashabbusimizni e’lon qilmoqchiman. O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyor. Biz Jamg‘arma Kengashi a’zosi sifatida qo‘shma mintaqaviy tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Bugun o‘z ishini boshlayotgan mazkur Assambleya ekologik hamkorlikning yangi mintaqaviy arxitekturasini shakllantirishda muhim maydonga aylanishiga qat’iy ishonaman.

Anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyatlar, barchangizga yangi yutuqlar va omad, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish