Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

May 26, 2026. 20:33 • 3 daq

71
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

(2026 yil 25-may, Toshkent sh.)


Muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami – Iyd al-Adha muqaddas dinimiz mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oya va amallarni yaqqol ifoda etgan holda, hozirgi kunda mamlakatimizda insonparvarlik ruhida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning maʼno-mazmuniga uyg‘un va hamohang ekani bilan barchamiz uchun yanada aziz va qadrli bo‘lib bormoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, ko‘pmillatli yurtimizda osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yordamga muhtoj insonlar, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalla va xonadonlarni obod qilishga qaratilgan ishlarimizda Qurbon hayitining ezgu anʼanalari kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganini taʼkidlash lozim.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniy qadriyatlarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini, islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni yaqinda xalqimiz va yurtimiz mehmonlari uchun o‘z eshiklarini ochgan azim poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi kabi Yangi O‘zbekiston moʻjizalari bo‘lgan noyob obidalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Hech shubhasiz, bularning barchasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim tarixiy qadamlar bo‘lib, ular bizni yanada katta safarbarlik bilan harakat qilishga daʼvat etadi.


Hurmatli do‘stlar!

Yurtimizda diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlash uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar tufayli ushbu munavvar kunlarda 15 mingdan ziyod vatandoshlarimiz muqaddas haj amallarini ado etmoqda. Bu yil tariximizda ilk marta “Prezident hojilari” dasturi joriy etilganidan xabaringiz bor. Ushbu dasturga muvofiq, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz – ulamolar, nuroniylar, mahalla faxriylari hamda ularning oila aʼzolari muborak haj safariga borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mana shu saodatli onlarda barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan qutlab, ibodatlari qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz. Muqaddas ziyoratdan qaytib keladigan bu hurmatli yurtdoshlarimiz ezgulik va maʼrifat targ‘ibotchilari sifatida oila va mahallalarimizda, butun jamiyatimizda olib boriladigan maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etadilar, deb umid qilamiz.

Fursatdan foydalanib, dunyoning turli mamlakatlaridagi musulmon do‘stlarimiz va hamkorlarimizga ham qizg‘in qutlovlarimizni yo‘llab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.


Aziz vatandoshlar!

Qurbon hayiti munosabati bilan bu yil ham bir necha kundan iborat dam olish kunlari belgilandi. Bayram kunlarida ham elimiz xizmatida, Vatan sarhadlarida o‘z vazifasini masʼuliyat bilan ado etayotgan yurtdoshlarimizga alohida minnatdorlik bildiramiz.

Chet ellarda tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularning barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

El-yurtimizni shunday qutlug‘ ayyomga tinchlik-omonlikda va hamjihatlikda yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Ilohim, Yaratgan parvardigor el-yurtimizni o‘z panohida asrasin!

Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!


Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish