O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

Noyabr 24, 2026. 18:50 • 2 daq

• 39
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

TOSHKENT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Ammon shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn Al-Husayn huzurida o‘zaro hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu davlatlararo hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Shuningdek, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalarida bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya, tog‘-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlikni rivojlantirish, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlarini nazorat qilish, sog‘liqni saqlash xizmatlari hamda chorvachilik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent va Ammon shaharlari, shuningdek, Samarqand shahri va Petra turizm mintaqasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar almashildi.

Davlat tashrifi doirasida jami 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Ushbu muhim kelishuvlar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish