Britaniya kengashi o‘zbekistonlik xotin-qizlarning Aberdin universitetida o‘qishi uchun 200 ming funt sterling ajratdi
Noyabr 24, 2026. 19:30 • 2 daq
• 21
ABERDIN, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Shotlandiyadagi Aberdin universiteti 2027-yilda o‘zbekistonlik xotin-qizlarni magistraturada o‘qitish uchun Britaniya kengashidan 200 ming funt sterling miqdorida mablag‘ oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri oliy ta’lim muassasasi axborotiga tayanib.
Ushbu mablag‘ “Going Global Partnerships Women in STEM” stipendiya dasturi doirasida ajratildi. Dasturga ko‘ra, o‘zbekistonlik besh nafar xotin-qiz universitetning magistratura dasturlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Grantlar o‘qish, yashash va boshqa tegishli xarajatlarni to‘liq qoplaydi.
Dastur fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM)ning ustuvor yo‘nalishlari: sog‘liqni saqlash va hayot haqidagi fanlar, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar hamda infratuzilma bo‘yicha o‘qishni istagan xotin-qizlarga mo‘ljallangan.
“Going Global Partnerships Women in STEM” - Britaniya kengashining xalqaro stipendiya dasturi hisoblanadi. U ishtirokchi mamlakatlardan bo‘lgan ayollarga Buyuk Britaniya universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida STEM yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlik darajasini olishga ko‘maklashadi.
Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tashabbus o‘zbekistonlik xotin-qizlarning Britaniyada ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning kasbiy va ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish hamda ilmiy-texnik sohalarda ayollar ulushini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Aberdin universiteti ushbu dasturni O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq muhim omil sifatida baholamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi