Kuvayt kompaniyalari o‘zbekistonlik tibbiyot va qurilish mutaxassislarini ishga jalb etishga qiziqish bildirmoqda

Noyabr 24, 2026. 20:00 • 2 daq

• 4
Kuvayt kompaniyalari o‘zbekistonlik tibbiyot va qurilish mutaxassislarini ishga jalb etishga qiziqish bildirmoqda

AL-KUVAYT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlari tomonidan Kuvaytning “EMCC” va “Rokadiya Overseas” kompaniyalari, O‘zbekiston Migratsiya agentligi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xususiy bandlik agentliklari vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni Kuvayt mehnat bozoriga jalb etish, xususan, tibbiyot, maishiy xizmat ko‘rsatish, qurilish va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “EMCC” kompaniyasi vakili Kuvaytdagi tibbiyot muassasalari ehtiyoji uchun uch yildan ortiq ish tajribasiga ega o‘zbekistonlik hamshiralarni ishga jalb etishga tayyorligini bildirdi. Nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni o‘zaro kelishish hamda kompaniya vakillarining 30-noyabr kuni O‘zbekistonga tashrifi davomida amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.

Shuningdek, “Rokadiya Overseas” kompaniyasi direktori Kuvaytdagi yirik qurilish loyihalari uchun o‘zbekistonlik malakali chilangarlarga talab yuqori ekanini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tibbiyot va sanoat tarmoqlarida ham yurtimiz mutaxassislarini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida “Rokadiya Overseas” kompaniyasi vakillarining 29-noyabr – 5-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekiston — global imkoniyatlar chorrahasi” xalqaro biznes-forumi doirasidagi tashrifi chog‘ida Migratsiya agentligi va “Interwork” xususiy bandlik agentligi bilan hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash hamda Hamkorlik memorandumini imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.  

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish