Budapeshtdan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning Yevroosiyodagi mavqeini oshirmoqda
Oktabr 31, 2026. 09:00 • 3 daq
• 66
BUDAPЕSHT, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Ishtvan Secheni universiteti Mintaqaviy tadqiqotlar va biznes boshqaruvi doktorlik maktabi direktori, professor Laslo Vasha “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifining asosiy maqsadi shakllangan siyosiy munosabatlar va umumiy madaniy o‘zlikni iqtisodiy, infratuzilmaviy hamda investitsiyaviy natijalarga aylantirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi mavqeini mustahkamlash va turkiy dunyoni o‘zaro bog‘langan yanada yaxlit iqtisodiy-siyosiy makonga aylantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslarning ahamiyati mamlakat manfaatlari doirasidan ancha kengdir. Ular TDTning asosan siyosiy va madaniy hamkorlik platformasidan amaliy faoliyat yurituvchi mintaqaviy tashkilotga bosqichma-bosqich aylanishiga xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy sheriklik imkoniyatlari faqat savdo hajmini oshirishda emas, balki qo‘shma ishlab chiqarish quvvati va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishdir. Turkiyaning sanoat tajribasi, texnologik imkoniyati va xalqaro bozorlar bilan aloqalari O‘zbekistonda rivojlanayotgan qayta ishlash sanoatini yanada kengaytiradi.
Bu Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa turkiy davlatlar kompaniyalari ishtirokida mintaqaviy hamda Yevropa bozorlariga mo‘ljallangan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini yaratadi.
Transport sohasini rivojlantirish yana bir strategik ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston uchun xalqaro transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish nafaqat tijorat vazifasi, balki uzoq muddatli iqtisodiy suverenitet masalasidir. Markaziy Osiyoni Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa bilan bog‘lovchi O‘rta koridor xalqaro yuk tashishda tobora dolzarb yo‘nalishga aylanmoqda.
Bu borada faqat infratuzilmaning o‘zi yetarli emas. Bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, hujjatlarni raqamlashtirish, tranzit tariflarining oldindan prognoz qilinishi va chegara nazoratini samarali tashkil etish zarur. “E-Permit” tizimi doirasidagi hamkorlik TDTning ushbu sohada amaliy yechimlarni ta’minlashga qodirligini allaqachon namoyon etmoqda.
Energetika sohasidagi hamkorlikda katta istiqbollar mavjud. O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalari hamda Qozog‘iston va Ozarbayjon ishtirokida ekologik toza elektr energiyasini uzatish bo‘yicha tashabbuslar Markaziy Osiyoning energetika resurslarini Yevropa bilan bog‘lash imkoniyatlarini ochmoqda. Turkiya ushbu loyihalarni amalga oshirishda muhim geografik va infratuzilmaviy o‘rin tutishi mumkin.
Yevropa, ayniqsa, Vengriya nuqtayi nazaridan qaraganda, TDTni Yevropa bilan hamkorlikka muqobil tuzilma yoki unga raqobatchi sifatida baholamaslik lozim. Aksincha, u transport o‘zaro bog‘liqligini yaxshilash, ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga qodir bo‘lgan qo‘shimcha mintaqaviy mexanizmdir.
Shuningdek, madaniy diplomatiya, ta’lim almashinuvi, ilmiy hamkorlik va akademik mobillik uzoq muddatli mintaqaviy integratsiyaning mustahkam asosiga aylanishi mumkin. Bu yo‘nalishlar Yevropa universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Tashrifdan kutilayotgan natijalarga kelsak, u O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlaydi, transport, energetika va investitsiyalar sohalaridagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi. Ko‘p tomonlama mavjud kelishuvlar va vositalar, jumladan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi hamda raqamli savdo mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Keng geosiyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekistonning tashkilot faoliyatidagi faol ishtiroki mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda Markaziy Osiyoning mustaqil rolini mustahkamlashga xizmat qiladi. Toshkent Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari, Kaspiyorti yo‘nalishi va Yevropaning iqtisodiy imkoniyatlari o‘rtasida muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi mumkin.
Anqaradagi uchrashuvning strategik ahamiyati siyosiy hamjihatlikdan yanada chuqur amaliy integratsiyaga o‘tish imkoniyati bilan belgilanadi.
O‘zbekiston uchun bu iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, transport o‘zaro bog‘liqligini yaxshilash va mintaqadagi mavqeini mustahkamlashni anglatadi. TDT uchun esa bu ulkan iqtisodiy va geografik salohiyatni barcha a’zo davlatlar uchun sezilarli afzalliklarga aylantirish imkoniyatidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi