Islomoboddan munosabat: O‘zbekiston yetakchisining davlat tashrifi pokistonliklar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqeadir
Fevral 09, 2026. 12:35 • 3 daq
• 68
ISLOMOBOD, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. “Umumiy kelajak jamiyati” tahlil markazi rahbari Xalid Taymur Akram “Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi biz pokistonliklar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqeadir. Bu tashrifni faqat rasmiy diplomatik protokol doirasidagi tadbir sifatida emas, balki umumiy tarix, mushtarak madaniy qadriyatlar va asrlar davomida shakllangan samimiy birodarlik munosabatlari bilan bog‘langan yaqin do‘stning tashrifi sifatida qabul qildik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsi Pokiston jamoatchiligi uchun O‘zbekiston rahbari sifatidagina emas, balki mintaqaviy barqarorlik, ochiq muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan siyosatni ilgari surayotgan davlat arbobi sifatida yaxshi tanish. Shu maʼnoda, mazkur tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Prezident Asif Ali Zardoriy hamda boshqa yuqori martabali rasmiy shaxslar bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar juda mazmunli, o‘zaro ishonch va konstruktiv ruhda kechdi. Uchrashuvlar davomida siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika bog‘liqlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumida Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi alohida eʼtiborga sazovor bo‘ldi. Davlatingiz rahbari farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va charm sanoati, oziq-ovqat qayta ishlash, energetika hamda logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq va amaliy takliflarni ilgari surdi. Pokistonlik investorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ishonchim komilki, ushbu imkoniyatlar pokistonlik ishbilarmon doiralar tomonidan faol tarzda qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki Pokiston tomoni O‘zbekiston bilan yaqin do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiy sheriklikni strategik darajaga ko‘tarishdan chuqur manfaatdor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonni modernizatsiya qilish, ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish hamda davlat boshqaruvini isloh etish bo‘yicha aniq, izchil va pragmatik yo‘lni belgilab berdi. Bugun O‘zbekiston haqiqatan ham xorijiy investorlar, sayyohlar va xalqaro hamjamiyat vakillari ishonch bilan qarayotgan, hamkorlikka intilgan davlatga aylandi.
Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston o‘zining aniq strategik qarashi, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan faol siyosati hamda mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasi bilan yetakchi o‘rinni mustahkamlab bormoqda. Bu Pokiston uchun ham O‘zbekistonni ishonchli va uzoq muddatli strategik sherik sifatida ko‘rish imkonini yanada oshiradi.
Umid qilamanki, Pokiston kelgusida ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ishonchli hamkor sifatida qoladi. O‘zaro hurmat, ishonch va manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan Pokiston–O‘zbekiston munosabatlari kelgusi yillarda yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
