Germaniya matbuoti O‘zbekistondagi teatrlar haqida yozdi
Mart 05, 2026. 11:27 • 3 daq
• 31
BERLIN, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “S-Bahn Hamburgs” onlayn nashrida O‘zbekiston teatrlarining boy tarixi, noyob me’morchiligi va bugungi kundagi rivojlanishi haqida tahliliy maqolae’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada dastlab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrisan’at va me’morchilik uyg‘unligi namunasi sifatida e’tirof etilgan. Teatrning nafaqat sahna asarlari, balki me’moriy durdonalari ham alohida ta’riflangan. Xususan, teatr zinalaridagi qora marmar tutqichlar ortida katta insoniy mehnat va tarix yotgani ta’kidlanadi: “Ushbu noyob marmarlarni o‘z vaqtida aka-uka ustalar – Jalol va Bolta Jo‘rayevlar olis konlardan Toshkentga olib kelishgan va qo‘l mehnati bilan ishlov berishgan”.
Muallif, teatrning “Buxoro zali”dagi oynavand naqshlar va quyosh nurini aks ettiruvchi panellarni yuqori darajadagi mahorat sifatida baholaydi va har bir zaldagi o‘ziga xos xarakter, ayniqsa, xorijlik mutaxassislarda katta taassurot uyg‘otishini ta’kidlaydi.
Materialda zamonaviy texnologiyalar va raqamli ko‘ngilochar platformalar rivojlangan davrda ham O‘zbekiston teatrlari o‘z tomoshabinini yo‘qotmayotgani alohida qayd etiladi. So‘nggi yillarda Navoiy teatrida operalar asl tilida ijro etilayotgani xalqaro tomoshabinlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
Maqola muallifi Toshkentdagi yana bir teatr — Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqiy teatri haqida so‘z yuritgan. U ushbu madaniy maskanni shu turdagi teatrlar orasida Markaziy Osiyoda yagona ekanini ta’kidlagan.
Teatrning o‘z orkestri, balet truppasi, xori va solistlari mavjudligi, har yili yangi va zamonaviy asarlar sahnalashtirilayotgani nemis mutaxassisining e’tiboridan chetda qolmagan. Teatrda ishlovchi mahoratli san’atkor Mehmonali Salimovning fikricha, o‘zbek tomoshabini sahnadagi qahramonlarda o‘z hayotining in’ikosini ko‘radi va bu yillar davomida teatrning barhayotligini ta’minlaydi.
Maqolada teatr san’ati faqat poytaxt bilan chegaralanmagani, balki viloyatlarda ham bu borada yirik loyihalar amalga oshirilayotgani yoritilgan. Xususan, 1914-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” asari namoyishi bilan faoliyati boshlagan Samarqand viloyati musiqali drama teatrining tarixiy ahamiyati qayd etilgan.
Nemis manbasining yozishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 41 ta davlat teatri faoliyat yuritmoqda. Ularda tarixiy asarlar bilan bir qatorda komediya janridagi spektakllar sahnalashtirilayotgani va xorijlik rejissyorlar bilan hamkorlik qilinayotgani sohadagi ijobiy o‘zgarishlardan dalolat beradi. Eng muhimi, o‘zbek teatrlari endilikda xalqaro gastrol safarlariga chiqib, jahon sahnalarida o‘z san’atini namoyish etayotgani ta’kidlanadi.
“O‘zbekistonda teatr – bu shunchaki tomosha emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jonli an’ana, yuksak mahorat va insoniy rishtalar mujassam bo‘lgan muqaddas maskandir” deya yakun yasaydi nemis jurnalisti Lennart Kryuger.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi