Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston boshqa davlatlarga namuna bo‘ladigan noyob rivojlanish bosqichini bosib o‘tdi
Fevral 20, 2026. 08:10 • 2 daq
• 172
ANQARA, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Balikesir universiteti rektori, professor Yujel Og‘urlu “Dunyo” axborot agentligi uchun bergan intervyusida Yangi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot modeli haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jadal surʼatlar bilan kechayotgan o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, balki jamiyat hayotining barcha jabhalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yangi O‘zbekiston voqeligi tarixiy sivilizatsiya, qulay geografik joylashuv, ko‘p asrlik ijtimoiy totuvlik institutlari hamda oqilona va ko‘p qirrali tashqi siyosat asosida shakllanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoq muddatli davlat strategiyasi, ichki va tashqi siyosatdagi yuksak mahorati, jahon tartibotiga integratsiyalashuvdagi ochiq yondashuvi hamda mintaqaviy keskinlikni kamaytirishga qaratilgan tinchlikparvar yo‘li – bugungi Yangi O‘zbekistonning bosh omilidir. Professional sohamdan kelib chiqib, men O‘zbekiston taraqqiyotini sivilizatsiya merosi, inson kapitali va samarali boshqaruv prizmasi orqali tahlil qilishni istardim.
O‘zbekistonning katta boyligi uning tarixiy o‘tmishidir. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar nafaqat turizm salohiyatini oshiradi, balki xalqaro maydonda mamlakatning “yumshoq kuchi” (soft power) sifatida xizmat qiladi. Bir paytlar Buyuk Ipak yo‘lining yuragi bo‘lgan ushbu zamin bugungi kunda tarixni zamonaviy logistika va savdo strategiyalari bilan bog‘lab, “O‘tmishdan kelajakka ko‘prik” g‘oyasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bu yerda astronomiya, matematika va tibbiyot kabi fanlarga asos solgan buyuk allomalar merosi bugungi ilm-fan va taʼlim siyosatining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim jihat – ijtimoiy barqarorlik instituti bo‘lgan Mahalla tizimidir. Urbanizatsiya jarayonida ko‘p davlatlar bu kabi tuzilmalarni yo‘qotgan bir paytda, O‘zbekistonda mahalla instituti jamiyat birdamligini taʼminlovchi noyob boshqaruv vositasi sifatida saqlab qolindi. Prezident tomonidan ilgari surilgan “Qonun oldida hamma teng” tamoyili va korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurash mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiruvchi asosiy kafolatga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladigan o‘ziga xos rivojlanish modelini yaratdi. Bu model tarixiy o‘zlikni saqlagan holda xalqaro ochiqlik va huquqiy ishonchlilikni taʼminlamoqda.
Shaxsiy kuzatuvlarim va O‘zbekistonga tashriflarim davomida guvoh bo‘lganim shuni ko‘rsatadiki, Yangi O‘zbekiston ushbu mustahkam poydevor ustida kelajak sari ishonch bilan ilgarilamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
