Tehrondan munosabat: O‘zbekistonning TDT doirasidagi tashabbuslari mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Oktabr 31, 2026. 12:00 • 2 daq
• 83
TЕHRON, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Madaniyat instituti direktori yordamchisi Axmet Akalin “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga amaliy tashrifi hamda Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Bugungi kunda TDT barcha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgan samarali xalqaro tuzilmaga aylandi. Tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti qariyb 2 trillion AQSh dollarini tashkil etadi. 2026-yil oxiriga borib turkiy davlatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi 3 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning ushbu tashkilotda ishtirok etishi nafaqat iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam, balki turkiy dunyoning umumiy madaniy o‘zligini saqlash va rivojlantirishga qo‘shilgan salmoqli hissa bo‘ldi.
2022–2023-yillarda O‘zbekiston TDTga raislik qildi. Samarqand sammitida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi yo‘nalish va tarmoqlari belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan konsepsiyalar, tashabbuslar va loyihalarning amalga oshirilishi bunga zamin yaratdi.
O‘zbekiston TDT transformatsiyasi jarayonining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanib, Tashkilot doirasidagi integratsiya jarayonlarining yetakchi ishtirokchisi va tashabbuskori sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
TDT faoliyatini kengaytirishda tashkilot doirasida yangi qo‘shma ishlab chiqarish korxonalari va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, oddiy xomashyo eksportidan mintaqaviy kooperatsiya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, savdo, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va logistikani tashkil etish uchun raqamli platformalarni rivojlantirish ham TDT nufuzini yuksaltiradi.
Anqaradagi sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish va jadallashtirish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, u transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirish borasida kelishilgan siyosat yuritish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisining TDT sammitidagi ishtiroki mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surishda navbatdagi qadam bo‘ladi.
O‘zbekistonning faol va konstruktiv tashqi siyosati Turkiy davlatlar tashkilotining nufuzini oshirish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va kelajakka umumiy qarashga asoslangan munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi