Botkenda o‘zbek, qirg‘iz va tojik yoshlari ishtirokida xalqaro forum o‘tkazildi
Oktabr 31, 2026. 11:00 • 2 daq
• 82BOTKЕN, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 28–29-oktabr kunlari Botken shahrida Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston vakillari ishtirokida “Yoshlar do‘stligi ko‘prigi: tinchlik, hamjihatlik va hamkorlik” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda yurtimiz delegatsiyasi ham qatnashdi.
Tadbirning ochilish marosimida Qirg‘iziston Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili o‘rinbosari Maqsatay Karimberdiyeva, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Hurshidjon Axmedov, Sug‘d viloyati davlat hokimiyati ijroiya organining rasmiy vakili Odil Boltayev va BMT Taraqqiyot dasturining Qirg‘izistondagi doimiy vakili Aleksandra Soloveva so‘zga chiqdi.
Mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad qo‘shni mamlakatlar yoshlari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqlarimiz orasida ishonch va tinchlikni mustahkamlash hamda o‘zaro muloqotini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Forum doirasida ishtirokchilar o‘z faoliyati, yutuqlari va tajribalari haqida so‘z yuritdi. Do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Dastur doirasida yosh tadbirkorlarning amaliy san’at va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilar Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi “Do‘stlik” stellasi oldidagi xiyobonga ko‘chat ekdi.
Tadbir nihoyasida shahar markaziy maydonida uch mamlakat ijodkor yoshlari ijrosida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






