O‘zbekiston va Abu-Dabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzadi

Oktabr 31, 2026. 11:30 • 2 daq

• 4
O‘zbekiston va Abu-Dabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzadi

ABU-DABI, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shadiyev Abu-Dabi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (ADAFSA) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, agrosanoat sektoriga investitsiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda ularning BAA bozoriga eksportini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Amirlik tomoniga O‘zbekistonda sohani modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlarini rivojlantirish, saqlash va qayta ishlash infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi. Xalqaro sifat va oziq-ovqat xavfsizligi standartlarini joriy etish, eksportbop tovarlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda logistikani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda, shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalari, jumladan, “Surxon Agro” zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish tashabbusi ham tanishtirildi.

Muzokaralar yakunida ADAFSA mutaxassislari va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruhini tuzishga kelishildi. Ushbu guruh BAA bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘zbek qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini aniqlaydi, yetkazib berish hajmlari va shartlarini o‘rganadi hamda muqobil transport-logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, ADAFSA ko‘magida BAAning yetakchi agrosanoat va oziq-ovqat sektori kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish