Londondan munosabat: O‘zbekistonga xalqaro investitsiya oqimi tobora ortib bormoqda
Iyun 17, 2026. 09:30 • 2 daq
• 103
LONDON, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. London fond birjasi (LSE) bosh ijrochi direktori Julia Xoggett “Dunyo” AAga V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekiston kapital bozorlari rivojlanishida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Forumga tayyorgarlik jarayonlaridan anglash mumkinki, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi investitsiya xabi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi – UzNIF aksiyalarining London fond birjasida joylashtirilishi mamlakatning yuqori o‘sish sur’atiga ega iqtisodiyotiga yanada ko‘proq xalqaro investitsiyalar kirib kelishiga yo‘l ochdi. Bu O‘zbekistonga nisbatan xalqaro e’tibor va ishonch tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu jarayon nafaqat investorlar talabi taklif hajmidan to‘rt baravar yuqori bo‘lganida, balki shu vaqtdan buyon London fond birjasida aksiyalar savdosi oshganida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Biz London fond birjasida xalqaro maydonda o‘z tarixini namoyon etish va uni global kapital manbalari bilan bog‘lashni istagan ambitsiyali emitentlar uchun platforma taqdim etamiz.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston juda katta qiziqish uyg‘otuvchi imkoniyat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bunga davlat va xususiy sektorlardagi ko‘plab jozibador, xalqaro bozorga yo‘naltirilgan kompaniyalar sabab bo‘lmoqda.
Shuning uchun ham men Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etib, o‘zbek kompaniyalariga London orqali global kapital jalb qilish va uni o‘z mamlakatlari rivojiga yo‘naltirishda qanday yordam berishimiz mumkinligini muhokama qilishdan juda mamnunman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi