Logo

O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi

Fevral 10, 2026. 15:41 • 2 daq

67
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi
O‘sh shahrida Alisher Navoiy yubileyi keng nishonlandi

O‘Sh, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tashabbusi bilan buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, O‘sh shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan, buyuk shoir va mutafakkirning haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘sh shahar meri o‘rinbosari Nurlan Zakirov Alisher Navoiy merosini asrab-avaylash, ularni yosh avlod ongiga singdirish bugungi kunning talabi ekanini alohida taʼkidladi.

“Alisher Navoiy hayoti va ijodi, o‘z davridayoq til va adabiyotning, milliy davlatchilikning rivojlantirishdagi faoliyati Qirg‘izistonda ham barchaga yaxshi maʼlum. Uning beqiyos va serqirra ijodi nafaqat o‘zbek va Markaziy Osiyo xalqlari, balki butun jahon adabiyotida ham o‘zining alohida o‘rniga ega”, – dedi Nurlan Zakirov.

Qirg‘iziston Prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili apparati bo‘lim boshlig‘i Kenjebek Adilov taʼkidlashicha, bugungi dunyo adabiyotida Alisher Navoiyning o‘rni beqiyos. Butun dunyoda maktablar va oliy taʼlim muassasalarida Navoiy asarlari o‘qitiladi. Shu bilan birga buyuk shoirning asarlari O‘sh shahrida ham sevib mutolaa qilinmoqda.

Suhbat davomida Alisher Navoiyning boy madaniy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani, uning adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifat, tilshunoslik ravnaqidagi ulkan hissasi hozirgacha butun dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganib kelinayotgani taʼkidlandi.

Tadbir davomida O‘sh shahri maktab o‘quvchilari tomonidan o‘zbek va qirg‘iz tillarida Navoiyning g‘azallaridan namunalar o‘qildi.

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrida Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan “Ey, umr aziz” nomli maqom kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda teatr sanʼatkorlari hamda maktab o‘quvchilari ijrosida Navoiy ijodidan namunalar o‘qildi, uning g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.

“Navoiyning hayot yo‘li, qalb to‘ridan yozilgan sheʼr va g‘azallari o‘qilar ekan, har bir so‘z yuraklarning tub-tubigacha yetib bordi. Buyuk mutafakkir haykali poyiga qo‘yilgan gulchambarlar esa xalqimizning ulug‘ zotga bo‘lgan muhabbatining cheksiz ramzi bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi”, deydi Qirg‘iziston o‘zbek milliy madaniy markazining Janubiy viloyatlar bo‘yicha koordinatori Adiljan Atajanov.

Qirg‘izistonlik shoir va g‘azalnavis Qosimjon Raxmiyev Navoiy shaxsiga to‘xtalar ekan, ijodi betimsol bo‘lgan bu moʻtabar zotni dunyo xalqlari qalbini zabt etgan chinakam umumbashariy inson, deya eʼtirof etdi.

Tadbir yakunida Bosh konsulxona tomonidan tadbirning faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish