O‘zbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

Oktabr 28, 2026. 15:00 • 3 daq

• 41
O‘zbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

SHANXAY, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Szyansu provinsiyasining Chanchjou, Yanchjou va Nankin shaharlariga xizmat safarlarini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashriflar doirasida mahalliy davlat idoralari, yirik kompaniyalar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, shuningdek, Xitoyda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan turli uchrashuvlar o‘tkazildi.

Chanchjou va Yanchjou shaharlari hokimliklari vakillari bilan uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, biznes-forumlar va ishbilarmonlar delegatsiyalari tashriflarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, sanoat, mashinasozlik, elektronika, kimyo, energetika va yangi materiallar ishlab chiqarish sohalaridagi imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi. Xususan, Chanchjoudagi “Nanjing Changkai Power Automation Equipment” kompaniyasi O‘zbekistonda energetika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi.

“CCSP Holding Group” kompaniyasi bilan O‘zbekiston hududlarida kasbiy ta’lim kurslarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Kompaniya vakillarining joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridagi texnikumlar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazishiga kelishib olindi.

Yanchjou shahri vakillari bilan muzokaralarda joriy yil dekabr oyida shahar savdo departamenti hamda yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillaridan iborat biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Chanchjou axborot texnologiyalari kasb-hunar universiteti rahbariyati bilan uchrashuvda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda “1,5+1,5” formatida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Nankin transport kasb-hunar institutida o‘tkazilgan uchrashuvda esa Nankin shahridagi to‘rtta ta’lim muassasasi va Bosh konsulxonaga biriktirilgan O‘zbekistonning to‘qqizta texnikumi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Muhandislik, transport, audit va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish hamda texnikumlarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Xitoy ta’lim muassasalari vakillarining joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

“Famsun Co., Ltd.” kompaniyasi bilan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, donni saqlash va chorvachilik uchun uskunalar yetkazib berish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Tashrif davomida Nankin va Yanchjou shaharlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Suhbatlarda ularning yashash va o‘qish sharoitlari, mavjud muammolari, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Talabalarga Xitoy qonunchiligi, viza va migratsiya talablariga rioya qilish, o‘z vaqtida konsullik hisobiga turish hamda ijtimoiy tarmoqlarda buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish muhimligi tushuntirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish