Turkiyadagi birinchi o‘zbek maktabi qurilishiga tayyorgarlik ishlari yanada faollashtiriladi
Oktabr 25, 2026. 18:00 • 2 daq
• 193ISTANBUL, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Istanbulning Bakirko‘y tumani ma’muriyati rahbari Ayshegyul Ovalio‘g‘lu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan madaniy, ijtimoiy va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Bakirko‘yda qurilishi rejalashtirilgan o‘zbek maktabi loyihasi bo‘ldi. Tomonlar ushbu loyihaning Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz farzandlarini, xususan, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi, qurilish ishlari esa Turkiya kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Ta’lim jarayoni O‘zbekiston ta’lim tizimi asosida, o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni jalb qilgan holda tashkil etiladi.
Bo‘lajak maktabga 2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ishtirokida tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘shandan beri zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va obyektni loyihalashtirish ishlari olib borildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qurilishni imkon qadar qisqa muddatlarda boshlashga kelishib oldilar. Bakirko‘y ma’muriyati tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qurilish va tashkiliy bosqichlarda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shu kuni Bosh konsul Turkiya Milliy ta’lim vazirligi vakillari va Istanbul viloyati Milliy ta’lim boshqaruvi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar yakunida Turkiya idorasi tomonidan o‘tkazilgan o‘zbek maktabi loyihasi ekspertizasi xulosasi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Olingan tavsiyalar asosida maktab loyihasini ishlab chiqqan “O‘zgüven” kompaniyasi xodimlari bilan ham ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

