“ORIGO”: O‘zbekiston TDTga a’zo mamlakatlar bozorlarida 2,7 milliard dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini ko‘rmoqda
Oktabr 28, 2026. 14:30 • 2 daq
• 11
BUDAPЕSHT, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “ORIGO” nashrida O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi transport yo‘laklari, raqamli ishlanmalar va qo‘shma sanoat investitsiyalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga intilmoqda. Anqarada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammit arafasida qo‘shma sanoat loyihalari, transport yo‘laklari va raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalariga e’tibor yanada ortgan.
Ma’lumot berilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra TDTga a’zo davlatlarning jami nominal yalpi ichki mahsuloti (YIM) taxminan 2,3 trillion AQSh dollariga, ularning tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan oshgan. O‘zbekiston a’zo mamlakatlar bozorlarida 2,7 milliard dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini ko‘rmoqda.
Matnda ta’kidlanishicha, 2025-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Qozog‘iston bilan savdo hajmi 5 milliard dollarni, Turkiya bilan esa 3 milliard dollarni tashkil etgan. Savdoni kengaytirish bilan birga, mintaqa mamlakatlari qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish orqali o‘zaro aloqalarni mustahkamlash niyatida.
Transport sohasida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi va Kavkaz hamda Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta yo‘lak bilan ulash muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Investitsiyaviy aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda. 2017–2025-yillar oralig‘ida turkiy davlatlardan O‘zbekistonga 11,5 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Shu bilan birga, Turkiy investitsiya fondi xalqaro moliya institutlari ishtirokida kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyalashtirishga ko‘maklashishi mumkin.
Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan 13-sammit doirasida 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyaning tayyorlanishi ishtirokchilarga kelgusi yillar uchun iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi