O‘zbekiston Mumbaydagi yirik OTM-2026 xalqaro yarmarkasida o‘z turistik salohiyatini namoyish etmoqda
Fevral 05, 2026. 10:07 • 2 daq
• 32
DEHLI, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun Hindistonning moliyaviy poytaxti — Mumbay shahrida eng yirik xalqaro turistik ko‘rgazmalardan biri bo‘lgan OTM-2026 (Outbound Travel Market) o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yilgi tadbir O‘zbekiston turistik industriyasi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Ko‘rgazmada mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tashkiliy ko‘magida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va yetakchi milliy turoperatorlar vakillaridan iborat yirik delegatsiya ishtirok etmoqda.
OTM Janubiy Osiyo mintaqasi uchun asosiy ko‘rgazma maydoni hisoblanib, har yili Hindiston, Bangladesh, Shri-Lanka, Nepal, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlaridan minglab bozor professionallarini, yaʼni turoperatorlar, turagentliklar, aviakompaniyalar va OAV vakillarini o‘ziga jalb qiladi.
Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish strategik muhim va jadal rivojlanayotgan chiqish turizmi bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadi.
O‘zbekistonning yarmarkadagi ishtiroki, shuningdek, alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Janubiy Osiyo bozoriga chiqish mamlakatimizning ko‘p qirrali turistik mahsulotlarini (madaniy-tarixiy, gastronomik, ekoturizm, MICE va boshqalar) Hindiston va mintaqa bozorining asosiy ishtirokchilariga bevosita taqdim etish imkonini beradi.
Ikki tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida jadal rivojlanayotgan turistik muloqotning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Ushbu hamkorlikning yaqqol natijasi sifatida sayyohlar oqimining o‘sishini taʼkidlash joiz. 2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 80 ming nafar hindistonlik sayyoh tashrif buyurdi, bu avvalgi yilga nisbatan 15 foizga ko‘pdir.
Ushbu ijobiy dinamikaga tayanib, mamlakatimiz turistik sohasi 2026-yilda Hindistondan 100 ming nafar sayyohni qabul qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. OTM-2026 ko‘rgazmasidagi ishtirok ushbu maqsadga erishish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
Yarmarka, shuningdek, O‘zbekistonning Janubiy osiyolik sayohatchilar uchun mehmondo‘st va zamonaviy yo‘nalish sifatidagi nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston milliy stendida ishtirokchilar yangi yo‘nalishlar, madaniy dasturlar, viza tartiblarining soddalashtirilgani va transport imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastur doirasida mustahkam sheriklik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan B2B shaklidagi uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro yarmarka 7-fevral kuni yakunlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
