Ahmad Faruq: Biz ikki davlat o‘rtasidagi strategik aloqalarning “oltin davri”ga guvoh bo‘lmoqdamiz
Fevral 05, 2026. 10:27 • 9 daq
• 74
TOSHKENT, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi arafasida, Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berib, ushbu tashrifning ahamiyati, kutilayotgan kelishuvlar va O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining istiqbollari haqidagi fikrlarini bayon etdi:
– Elchi janoblari, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Aytingchi, 2025-yil ikki tomonlama hamkorlikda qaysi jihatlari bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi?
- Bismillahir rohmanir rohim. Sizga ham taklif uchun minnatdorlik bildiraman.
Taʼkidlab o‘tkaningizdek, Pokiston – O‘zbekiston munosabatlari yillar davomida, ayniqsa, so‘nggi to‘rt-besh yil ichida jadal rivojlanib, ijobiy yo‘nalishda keskin o‘sdi. Ikki tomon o‘rtasida oliy darajadagi aloqalar yo‘lga qo‘yildi, davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari amalga oshirildi, ishchi darajadagi uchrashuvlar ko‘paydi, savdo hajmi oshdi, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar ham faollashdi. Yaʼni, Pokiston–O‘zbekiston munosabatlarida har tomonlama rivojlanish kuzatildi.
2025-yilga keladigan bo‘lsak, eng muhim voqea – Pokiston Bosh vazirining O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida Prezident va Bosh vazir o‘rtasida samimiy munosabat va o‘zaro ishonch muhitini ko‘rish mumkin edi. Bu tashrif ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarini muhokama qilish, savdo, tijorat, investitsiya, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, turizm kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash imkonini berdi. Rahbarlar qator aniq maqsadlarni belgilab oldi. Eng muhim maqsadlardan biri — yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishdir.
Tashrif yakunlangach, Pokiston va O‘zbekiston tomonlari yetakchilar kelishuvlarini amalga oshirish uchun qo‘shma harakat rejasi — “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi. Ushbu hujjatlar to‘plami qariyb
10–12 ta kelishuvdan iborat bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari belgilab olindi.
Yo‘l xaritasi bizga aniq va amaliy natijalarga erishish imkonini beradi. Har bir soha bo‘yicha jami 40 ta banddan iborat rejani izchil amalga oshirmoqdamiz. Shu maqsadda, Pokiston va O‘zbekistondan yuqori darajadagi ko‘plab tashriflar amalga oshirildi, hamkorlik masalalari yuzasidan faol ishlar olib borildi.
Natijada, o‘zaro savdo hajmi 450 million dollarga yetdi. Vaholanki, bir necha yil avval bu ko‘rsatkich 100 million dollardan ham kam edi. Bu esa o‘sish surʼatlari qanchalik tez bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Oldimizda hali katta marralar bor, biroq erishilgan natijalar ham salmoqli.
Xalqlar o‘rtasidagi aloqalar borasida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. 2024-yil fevral oyida birinchi aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi, noyabr oyiga kelib, parvozlar soni bittadan ikkitaga ortdi. Hozir esa haftasiga to‘rtta reys amalga oshirilmoqda. Kelgusida yana ikki-uchta yangi yo‘nalish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirish doirasida Pokiston, O‘zbekiston va Afg‘oniston Trans-Afg‘on temir yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini o‘tkazish yuzasidan kelishuvni imzoladi.
Bular faqat ayrim misollar, xolos. Asosiy aytmoqchi bo‘lgan fikrim shuki, 2025-yil juda samarali bo‘ldi. U avvalgisidan ham yaxshiroq natijalar berdi. Inshalloh, 2026-yil bundan ham barakali va muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilamiz.
– So‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar qaysi sohalarda jadal rivojlanmoqda?
– Bu borada aytishim mumkinki, savdo hamkorligining asosiy yo‘nalishlari — farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalaridir.
Avvalo, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalasiga to‘xtalsak, ushbu yo‘nalishda Pokistonning O‘zbekistonga asosiy eksport mahsulotlari qatoriga go‘sht, guruch, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kiradi. O‘zbekiston tomonidan esa Pokistonga quruq mevalar, sabzavotlar va shu kabi ko‘plab boshqa mahsulotlar eksport qilinmoqda. Demak, qishloq xo‘jaligi ikki tomonlama savdoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Keyingi muhim yo‘nalish — farmatsevtika sohasi. Pokistonda farmatsevtika sanoati juda yaxshi rivojlangan. Ko‘plab Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritib, dori vositalarini shu yerning o‘zida ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda. Bu ishlab chiqarish nafaqat O‘zbekiston bozori, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, ko‘plab kompaniyalar sifatli va nisbatan arzon Pokiston farmatsevtika mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirishni istamoqda. Hozirda ikki davlat mutaxassislari mahsulot standartlarini uyg‘unlashtirish hamda huquqiy va texnik tartib-taomillarni soddalashtirish ustida ish olib bormoqda, shu bilan birga sifat talablariga qatʼiy rioya etilishi taʼminlanmoqda. Bu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik jarayoni faol davom etmoqda.
Yana bir muhim soha — to‘qimachilik sanoati. So‘nggi 75–80 yil davomida Pokistonda kuchli va barqaror to‘qimachilik tarmog‘i shakllangan. Bu degani, mamlakatda malakali mutaxassislar, tajribali menejerlar va butun ishlab chiqarish zanjiri bo‘yicha katta tajriba mavjud. Jarayon paxta yetishtirishdan boshlab, ip-kalava ishlab chiqarish, tola tozalash (jinlash), mato ishlab chiqarish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi. Aynan shu salohiyat ikki davlat rahbarlari uchrashuvi chog‘ida ham muhim yo‘nalish sifatida muhokama qilingan edi.
Albatta, hamkorlik qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa sohalar ham mavjud, biroq aynan qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va to‘qimachilik yo‘nalishlari bugungi kunda eng ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.
– Transport-logistika va mintaqaviy bog‘liqlik, jumladan, Transafg‘on yo‘lagi loyihasi doirasidagi hamkorlikni qanday strategik ahamiyatga ega, deb bilasiz?
– Pokiston — qariyb 240 million aholiga ega yirik davlat bo‘lib, hududi ham katta. Mamlakatda Karachi shahrida joylashgan rivojlangan va to‘liq faoliyat yuritayotgan uchta dengiz porti, xususan, strategik muhim bo‘lgan Gvadar porti mavjud. Pokiston portlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengizga chiqishning eng yaqin va iqtisodiy jihatdan eng maqbul yo‘lini taqdim etadi. Eng qisqa yo‘l — odatda eng tejamkor va eng ishonchli yo‘ldir. Shu bois bu yo‘nalish mavjud eng samarali transport yo‘laklaridan biri hisoblanadi.
Endi O‘zbekistonga to‘xtalsak. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, mintaqa aholisining qariyb yarmi shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda barqaror boshqaruv tizimi shakllangan va puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosat yuritilmoqda. Pokiston taklif etayotgan imkoniyatlar va O‘zbekistonning mintaqaviy salohiyati birlashganda, bu ikki davlatni Arab dengizi bilan Markaziy Osiyoni bog‘lovchi tabiiy hamkorlarga aylantiradi. O‘zbekiston esa ushbu jarayonda mintaqaviy logistika markazi vazifasini bajarishi mumkin.
Siz tilga olgan Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasiga kelsak, hozirgi sharoitda Pokistonning Karachi portidan O‘zbekistonga yuk yetkazish o‘rtacha 10–12 kun vaqt oladi. Mazkur temir yo‘l loyihasi amalga oshirilgach esa bu muddat 3–4 kungacha qisqarishi mumkin. Bu esa loyiha qanday ulkan salohiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Shu sababli ham mazkur tashabbus davlat rahbari tomonidan “asr loyihasi” va “kelajak avlodlar uchun loyiha” deya taʼriflangan.
Bu, shubhasiz, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim infratuzilma loyihasidir va ayni paytda ikki tomon ushbu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. Avval taʼkidlaganimdek, o‘tgan yili Pokiston, O‘zbekiston hamda Afg‘oniston ushbu temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvni imzolagan edi.
– Madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlikni yanada mustahkamlashda qanday rol o‘ynamoqda?
– Maʼlumki, Pokiston va O‘zbekistonni chuqur tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Masalan, Samarqand tasavvuf allomalari, xususan, Naqshbandiya silsilasi namoyandalari, “oltin silsila” anʼanalari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Ibn Sino singari allomalar ham umumiy ilmiy va madaniy merosimizga mansubdir. Albatta, Zahiriddin Muhammad Bobur nomini ham alohida taʼkidlash joiz. Shu bois Pokiston va O‘zbekiston xalqlarini juda chuqur tarixiy va madaniy aloqalar birlashtirib turadi.
Madaniy aloqalarni qayta tiklash haqida gapirganda, biz yangi bir narsani yaratish haqida emas, balki asrlar davomida shakllangan rishtalarni yana jonlantirish haqida so‘z yuritamiz. Masalan, urdu va o‘zbek tillarida 4–5 mingga yaqin umumiy so‘zlar mavjud. Oila qadriyatlari, milliy taomlar va turmush tarzida ham o‘xshash jihatlar juda ko‘p. Shuncha umumiylik mavjud ekan, turizm va xalqlar o‘rtasidagi almashinuv uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi tabiiydir.
Masalan, O‘zbekistonda ziyorat turizmi nuqtai nazaridan Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrif buyurish katta qiziqish uyg‘otadi. Huddi shuningdek, Pokiston ham boy tarixiy merosga ega. Bu tarix taxminan 7 ming yil avvalgi Mehrgarh manzilgohidan boshlanib, Mohenjo-daro sivilizatsiyasi, Takht-i-Bahi kabi buddaviy monastirlar va boshqa ko‘plab tarixiy yodgorliklarni o‘z ichiga oladi. Shu bois, Pokiston diniy turizm, tarixiy turizm hamda geologik turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga ega. Demak, har ikki davlat ham bir-biriga taklif qila oladigan boy meros va imkoniyatlarga ega.
Oddiy bir misol: avval aytganimdek, 2024-yilda bitta aviaqatnov bilan boshlangan yo‘nalishlar hozir to‘rttaga yetdi. Hatto reyslarga chipta topish ham oson emas — bu esa talab qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Demak, erishilgan natijalar muhim, biroq hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bundan ham ko‘proq.
O‘tgan yili Bosh vazir tashrifi davomida ikki tomon xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma hujjatli filmlar yaratish, keyinchalik sahna asarlari va teleseriallar suratga olish, yoshlar o‘rtasida hamkorlik va almashinuv dasturlarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda hali katta ishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.
– Sizningcha, 2026-yil va undan keyingi davrda O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish uchun qaysi yo‘nalishlar ustuvor bo‘lishi kerak?
– Menimcha, barcha yo‘nalishlar — savdo-iqtisodiy hamkorlik, siyosiy aloqalar, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar va turizm — bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda, yonma-yon va hamohang rivojlanishi kerak.
Masalan, biznes sohasini olaylik. Ham Pokiston, ham O‘zbekiston uchun tadbirkorlik aloqalarini rivojlantirish muhim vazifa hisoblanadi. O‘tgan yili Pokiston Bosh vaziri tashrifi doirasida biznes-forum tashkil etilgan edi. Endilikda esa O‘zbekiston Prezidenti Pokistonga tashrif buyurishi kutilayotgan bir paytda yana shunday biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Unda har ikki davlatning yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladilar. Bu iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Shu bilan birga, madaniy aloqalarning ahamiyatini ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Chunki barqaror va uzoq muddatli hamkorlik faqat iqtisodiy yoki siyosiy omillar bilan emas, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va yaqinlik bilan ham mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, barcha sohalar bir butun holda, tizimli va muvozanatli tarzda rivojlantirilishi lozim. Aynan shunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarning har tomonlama va izchil taraqqiy etishini taʼminlaydi.
– Elchi janoblari, yaqinda Siz Toshkentda barpo etilgan, mintaqamizning ulkan ilmiy va maʼnaviy xazinasi bo‘lishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldingiz. Maʼlumki, O‘zbekiston va Pokistonni umumiy islomiy qadriyatlar, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi va asriy madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Markazga tashrifingiz sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Avvalo shuni taʼkidlashni istardimki, O‘zbekiston hukumati juda ulkan va tahsinga loyiq ishni amalga oshirgan. Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rayotganlarimiz — bu nafaqat bir mamlakatning, balki butun musulmon olamining umumiy merosidir.
Men tilga olgan buyuk allomalar merosi, qadimiy qo‘lyozmalarning asrab-avaylanishi — bularning barchasi barchamizga tegishli bo‘lgan bebaho boylikdir. Qurʼon qo‘lyozmalari va boshqa noyob manbalar ham ana shu umumiy merosning ajralmas qismidir. Ayni paytda Usmon Qurʼoni mushafining ham markazda saqlanayotgani ushbu maskanning tarixiy va maʼnaviy ahamiyatini yanada oshiradi.
Bularni nafaqat musulmonlar uchun, balki butun insoniyat uchun umumiy madaniy meros deb atash mumkin. Shaxsan men ham musulmon sifatida bu meros bilan chuqur bog‘liqlikni his qilaman va o‘zimni uning bir qismi deb bilaman.
Alohida eʼtiborga loyiq jihat shundaki, O‘zbekiston ushbu markazda so‘nggi texnologiyalarni, zamonaviy dizayn va taqdimot usullarini tarixiy merosni saqlash va namoyish etish bilan uyg‘unlashtira olgan. Natijada, tarix zamonaviy yondashuv bilan qayta jonlantirilgan. Ayniqsa yosh avlod uchun bu juda muhim — ular bu yerga kelib, tarixni nafaqat ko‘rishadi, balki uni his qilishadi, tushunishadi va qadrlashadi. Hatto biz kabi yoshi kattaroq insonlarga nisbatan ham ular buni yanada chuqurroq anglashlari mumkin.
Bu tashabbus haqiqatan ham tarix va zamonaviylikni birlashtirgan juda ibratli va uzoqni ko‘zlagan loyiha hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
