2026-yilda “Umra plyus” dasturi doirasida Malayziyadan O‘zbekistonga ziyoratchilar soni ko‘payadi
Fevral 03, 2026. 08:10 • 2 daq
• 270KUALA-LUMPUR, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Malayziya poytaxtida Elchixona tomonidan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasida O‘zbekiston Turizm hamda Din ishlari qo‘mitalari bilan hamkorlikda ikki mamlakat turkompaniyalari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi prezidenti o‘rinbosari Sheyx Avad, mahalliy turoperatorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, musulmon mamlakatlardan tashrif buyurayotgan ziyoratchilarga keng shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi qaytadan bunyod etilgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakili Bekzod Murodullayev respublikada 2026–202-yillarda Malayziya va Indoneziyadan “ziyorat turizmi” yo‘nalishida sayyohlar oqimi 100 ming nafarga yetkazilishi bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berdi.
Ziyoratchilar uchun yana-da qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent, Kuala-Lumpur shaharlari va Langkavi oroli o‘rtasida “Uzbekistan Airways”, “Batik Air” va “Air Asia” aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 8 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.
Ushbu to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar Janubiy–Sharqiy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlardan Markaziy Osiyoga, shu jumladan, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi eʼtirof etildi. Malayziya fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilishi taʼkidlandi.
Tadbirda ishtirok etgan respublika turkompaniyalari tomonidan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasidagi turistik marshrutlar keng targ‘ib qilindi. “V2V” uchrashuvlar doirasida ikki mamlakat o‘rtasida “Umra plyus” dasturi bo‘yicha joriy yilda malayziyalik sayyohlarni mamlakatimizga keng jalb qilish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



