O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalari Pokiston nashri nigohida
Aprel 01, 2026. 08:15 • 2 daq
• 76
ISLOMOBOD, 31-mart. /“Dunyo” AA /. Pokistonning “World News Pakistan” gazetasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik kelishuvlari iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Nashr Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga tayangan holda, 2017–2025-yillar davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga oshib, 912 million dollarga yetganiga eʼtibor qaratgan.
Muallifning fikricha, bugungi kunda Tojikiston yurtimizning asosiy mintaqaviy sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zbek mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar reytingida to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi.
Shunga qaramay, mavjud iqtisodiy salohiyat hali to‘liq ishga solinmagan. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi davlatlardan olib kelinayotgan ayrim mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar mollari bilan almashtirish orqali savdo hajmini yana 30–40 foizga oshirish imkoniyati mavjud.
Nashrda ikki mamlakatning geografik yaqinligi va transport aloqalarining rivojlanganligi savdo munosabatlarini chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratishi alohida qayd etilgan. Ayniqsa, avtomobilsozlik, maishiy texnika, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari eksportini kengaytirish eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan.
“World News Pakistan” nashri sanoat kooperatsiyasi sohasidagi imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, chegara oldi hududlarida qo‘shma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash va agrologistika markazlarini rivojlantirish ikki davlat iqtisodiyoti uchun katta manfaat keltirishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi