Logo

Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida vatandoshlar ishtirokida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi

Aprel 01, 2026. 09:25 • 2 daq

83
Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida vatandoshlar ishtirokida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi

KVANJU, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida vaqtincha yashayotgan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir davomida vatandoshlarga O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbarining xorijdagi hamyurtlarni qo‘llab-quvvatlash, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan so‘nggi yillardagi farmon va qarorlari mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, Janubiy Koreya qonunchiligiga qatʼiy rioya qilish, mamlakatda migratsiya tartibini buzgan holda bo‘lish holatlarining oldini olish, buzg‘unchi g‘oya va targ‘ibotlarga qarshi hushyorlikni oshirish zarurligi qayd etildi.

Fuqarolarga huquqlari buzilganda yoki tazyiq o‘tkazilganda elchixona va mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish tartibi tushuntirildi.

Sayyor konsullik qabuli doirasida hamyurtlarimizga konsullik ro‘yxatiga turish tartibi, fuqarolik masalalari, fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirish, xorijga chiqish uchun biometrik pasport olish qoidalari bo‘yicha maʼlumot berildi. Uchrashuv yakunida elchixona va vatandoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, bunday tadbirlarni o‘tkazish joyi va vaqti bo‘yicha fuqarolarning taklif va istaklarini inobatga olgan holda tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish