O‘zbekiston–Germaniya o‘rtasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi

May 17, 2026. 10:30 • 2 daq

42
O‘zbekiston–Germaniya o‘rtasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi

BERLIN, 17-may /“Dunyo” AA/. Germaniyaning nemis va rus tillarida chop etiladigan “Zemlyaki” jurnalida “O‘zbekiston – Germaniya” dual va kasbiy ta’lim forumiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Tatyana Xekkerning yozishicha, “Raqobatbardosh va malakali mutaxassislar” mavzusidagi ushbu forum O‘zbekiston elchixonasi, Kasbiy ta’lim agentligi va Migratsiya agentligi hamkorligida tashkil etilgan. Forumda kasbiy ta’lim, mehnat bozori uchun kadrlar tayyorlash va tartibli mehnat migratsiyasi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, forumda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, nemis ish beruvchilari, rekruting tashkilotlari, Tyuringiya federal yeri vaziri Katarina Shenk, Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi hamda tarmoq tuzilmalari vakillari ishtirok etgan.

Manbaga ko‘ra, anjuman davomida O‘zbekistonda Germaniya dual ta’lim tizimi unsurlarini keng joriy etish, kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash masalalarida fikr almashilgan.

Maqolada elchi Dilshod Axatov ta’lim sohasidagi o‘zbek-nemis hamkorligi so‘nggi yillarda har jihatdan rivojlanib borayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, kasbiy ta’limda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanayotgani qayd etilgan.

Nemis jurnalisti forum doirasida tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, “Globogate Concept AG” kompaniyasi dasturlari hamda Aaxen va Rostok universitet klinikalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Nemis tibbiyot akademiyasi” loyihasi doirasida O‘zbekistonda yosh mutaxassislar nemis tili, ixtisoslik fanlari va Germaniya klinikalari talablari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

Muallifning yozishicha, forum ishtirokchilari kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish muhimligini alohida ta’kidlagan.

“Forum yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat ta’lim muassasalari va tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolandi”, – deya xulosa qiladi nemis jurnalisti.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish